Jamiyat | 16:44 / 16.06.2023
18362
5 daqiqa o‘qiladi

Andijonda yangi mikro GESlar ishga tushirildi

Bugun, 16 iyun kuni Andijon viloyatida yangi mikro GESlarning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmanov, viloyat hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B. Xamrayev, «O‘zbekgidroenergo» AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov hamda mas’ul rahbarlar, mahalliy xususiy sektor vakillari – tadbirkorlar, mahalla faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Aytish lozimki, yangi istiqbolli loyihalar ishga tushirilishi natijasida mamlakatimiz gidroenergetika salohiyati yanada ortadi hamda toza va arzon yashil elektr energiya manbasini ishlab chiqarish keskin oshiriladi. Shu maqsadda, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan respublika bo‘ylab jami 250 ta umumiy quvvati 125 MVt, o‘rtacha yillik ishlab chiqarishi 675 mln.kVt.soat bo‘lgan mikro GES loyihalarining manzilli ro‘yxati shakllantirildi.

Bugun ana shu manzilli ro‘yxati shakllantirilgan Andijon tumanining Zavroq mahallasi kanalining birinchi piketida quvvati 200 kVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 mln.kVt.soat bo‘lgan Zavroq mikro GES ishga tushirildi. Ushbu loyihani ishga tushirish, kelgusida Andijon tumanining 300 ta xonadonini yoki 1 200 nafar aholisini ekologik toza elektr energiya manbai bilan ta’minlash imkonini beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 3,4 mlrd.so‘mni, xususan asbob-uskunalar 1,9 mlrd.so‘mni, qurilish-montaj ishlari 1,5 mlrd.so‘mni, shundan 220 mln. so‘m quvvatni tarmoqqa uzatish xarajatlarini tashkil etdi. Loyihaning o‘zini iqtisodiy jihatdan qoplash muddati 4,4 yilni tashkil etadi.

Shuningdek, Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Ulug‘nor kanalining sakson beshinchi piketida yangi charxpalak tipidagi mikro GESi ham yangi quvvatda ishga tushirildi. Quvvati 50 kVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 360 ming. kVt.soatni tashkil etgan mazkur mikro GES 150 ta xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatiga ega.

Ahamiyatli jihati, loyiha doirasidagi loyihalashtirish, qurilish hamda uskunalarni o‘rnatish ishlari nisbatan qisqa vaqt oralig‘ida, ya’ni, 2 oyda amalga oshirilishiga muvaffaq bo‘lindi.

E’tiborlisi, mazkur loyihaning loyiha hujjatlari “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan 10 kun muddatda ishlab chiqilgan bo‘lsa, loyiha agregatlari “Suvsanoatmash” AJ ishlab chiqarish negizida, sanoat kooperatsiyasi asosida Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda qisqa 1 oylik fursatda ishlab chiqarilib, loyiha maydoniga yetkazib berildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, birgina Andijon viloyatida aniqlangan dastlabki ro‘yxatga ko‘ra umumiy quvvati 19 MVt jami 52 ta mikro GESlarni qurish rejalashtirilgan. Shundan, joriy yilda umumiy quvvati 2 130 kVtli 7 ta qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, suv bosimida ishlovchi 3 ta mikro GES, 2 ta suv yuzida suzib turuvchi kinetik gidroagregat hamda 2 ta charxpalak turidagi loyihaning ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Eng muhimi, mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga mahalliy hududda uzluksiz elektr energiyasi ta’minotiga ega bo‘lish bilan bir qatorda, doimiy asosda 40 taga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Qurilish-montaj ishlari tender savdolari orqali aniqlangan mahalliy pudrat tashkiloti tomonidan 45 kunda amalga oshirildi.

Bundan tashqari, 2023-2024 yillarda Andijon viloyatida quvvati 6,9 MVt, o‘rtacha yillik energiya ishlab chiqarishi quvvati 33,0 mln.kVt.soatga teng “Janubiy Farg‘ona kanalida JFK-3 GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu loyihani ishga tushirish, kelgusida Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi 14 ming xonadonni ekologik toza energiya manbai bilan ta’minlash imkonini beradi.

Shuningdek, hududlarda “O‘zbekgidroenergo” AJ va Hindistonning “MAKLEK” kompaniyasi o‘rtasida suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni O‘zbekistonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarish hamda amaliyotga keng tatbiq etish mo‘ljallangan. Mazkur innovatsion gidroagregatlar ham respublikada birinchi bo‘lib aynan Andijon viloyatining Xonobod shahri Shahrixonsoyda 2023 yilning iyul oyida joriy etilib, jami quvvati 800 kVt bo‘lgan 2 ta agregat o‘rnatiladi.

O‘zbekgidroenergo axborot xizmati

Mavzuga oid