Jahon | 14:27 / 16.06.2023
6789
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden Ukrainaning NATOga kirishi shartlarini yengillashtirishi mumkin

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaning NATOga kirishi uchun dastlabki shartlarni yengillashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, deya xabar bermoqda Politico manbalarga tayanib.

Foto: AP

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Amerika yetakchisi Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha harakatlar rejasidan tashqari alyansga qabul qilinishini ma’qullashga tayyor, u nomzod davlat a’zo bo‘lishdan oldin alyans ko‘magida zarur islohotlarni amalga oshirishi kerakligini ko‘rsatadi. 

«Ushbu talablarsiz Ukraina hali ham demokratiya yo‘lida qandaydir o‘zgarishlar qilishi kerak bo‘ladi, biroq alyans a’zolari shundan so‘ng istalgan vaqtda Kiyevni bir ovozdan o‘z klubiga qabul qilishlari mumkin», deb yozadi gazeta. 
 
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg shu hafta boshida Vashingtonga safari chog‘ida Bayden bilan bu g‘oyani muhokama qilgan, deya xabar beradi manbalar. «Prezident agar boshqa ittifoqchilar rejani qo‘llab-quvvatlasa, u bu g‘oyaga ochiq ekanini aytdi», — dedi manbalardan biri. 

Qayd etilishicha, Ukraina nomzodiga bunday yondashuv haqida rasmiy bayonot NATOning iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitida e’lon qilinishi mumkin. 

«Biz NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan bu taklif konsensusga erishishga yordam bera oladimi yoki yo‘qmi, shuni aniqlash uchun ishlayapmiz», dedi Politico nashriga AQSh rasmiysi.

Mavzuga oid