Jahon | 15:56 / 16.06.2023
31585
5 daqiqa o‘qiladi

Jaziramaga aylangan ob-havo – harorat endi faqat ko‘tarilib boradimi?

Yoz kelishi bilan boshlangan jazirama issiq ko‘pchilikni xavotirga solib qo‘ydi. O‘tgan yilgi yozda ham anomal issiq kuzatilgandi. Endi buyog‘iga anomal issiqlar odatiy holga aylanadimi? Havo isib boraveradimi? 

Foto: KUN.UZ

Olimlarning fikricha, yaqin besh yil ichida dunyo mamlakatlari sanoatlashish davridagidan 1,5 gradusga ortiqroq bo‘lgan yangi harorat rekordlariga duchor bo‘ladi. 

2015 yilda Parij shahrida imzolangan iqlim bo‘yicha bitimiga ko‘ra, jahon mamlakatlari sanoatlashish davriga nisbatan global haroratni 1,5°Cdan oshirmaslikka kelishib olgan. Olimlarga ko‘ra, bu chegaradan o‘tish falokatli va qaytarib bo‘lmas oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bahorda iqlim o‘zgarishi sabab Yer sayyorasining isib borayotgani o‘ta jiddiy xatar ekani haqida iqlim hisobotini e’lon qildi.

Vaqt kam qolgan

Hisobotda aytilishicha, garchi global harorat 1,5 darajadan ko‘proq isib ketmasligiga erishishning hali ham imkoni bo‘lsa-da, bu ilinj uzoqqa borishi dargumon. Sababi Yer sayyorasining isishiga asosiy sababchi bo‘lgan chiqindi gazlar ajralib chiqishi shiddat bilan o‘sib boryapti. O‘tgan yili atmosferaga ko‘tarilgan chiqindi gazlar ko‘rsatkichi qariyb 1 foizga ko‘proq bo‘lgan.

Atmosferadagi uglerod gazlar miqdori so‘nggi 2 million yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetib bo‘lgan, havo esa oxirgi yarim asrda 2 ming yil davomidagi eng yuqori isish nuqtasiga yetdi.

Iqlim inqirozi kambag‘al va zaif davlatlarga ko‘proq yuk bo‘lyapti. Eng yomoni, ular iqlim muammosi shakllanishiga hissa qo‘shishmasa ham jabr tortishyapti.

"Bizning sayyoramiz allaqachon jiddiy iqlim muammolariga duch kelyapti. Jazirama issiq, falokatli bo‘ronlardan tortib qurg‘oqchilik va suv tanqisligigacha real vaziyatga aylandi", deydi Dunyo resurslari instituti rahbari Ani Dasgupta.

Javobsiz qolayotgan ogohlantirishlar

Lekin shuncha muammolarga qaramay insonlar iqlim muammosini o‘zlari kattalashtirishda davom etyapti.

Iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan eng katta tahdid yoqilg‘ilarni ishlatishda davom etilyapti. Yoqilg‘ilardan dunyoning 80 foiz aholisi foydalanadi. Va eng yomoni, yoqilg‘i sayyoramiz isib ketishiga 75 foiz miqdorda ta’sir qiluvchi omil hisoblanadi.

Xalqaro energetika agentligi davlatlar iqlim majburiyatlarini bajarishi uchun yangi yoqilg‘i manbalarini qazib olishni taqiqlashlari kerakligi haqida 2021 yilda ogohlantirganiga qaramasdan hukumatlar yangi neft, gaz va ko‘mir loyihalarini ma’qullashda davom etyapti.

AQShda Jo Bayden hukumati bahsli bo‘lib turgan Alyaskadagi Villov neftni burg‘ilash loyihasini ma’qulladi. Agar bu loyiha ishga tushsa, atmofseraga yiliga 9,2 mln metrik tonna uglerod ko‘tariladi.

Xitoy esa eng iflos yoqilg‘i bo‘lgan ko‘mir sanoatini kengaytirishni reja qilmoqda. Bu davlat 2022 yilda 82 ta maydonda ko‘mir ishlab chiqarishga ruxsat bergan.

BTM bosh kotibi Antonio Gutterish "Iqlim soatli bomba kabi ishlayapti. Insoniyat esa yupqa muz ustida o‘tiribdi, bu muz tez eriyapti", degandi.

Lekin buni hukumat rahbarlari tushunishmayapti.

BMT hisoboti bir necha yillar davomida tayyorlanib, yuzlab olimlarning iqlimga oid xulosalari asosida tayyorlangan. Va bu hisobotga ko‘ra, iqlim muammosini hal qilish uchun allaqachon yechimlar ham mavjud, biroq siyosatchilar ularni amalga oshirishga unamayapti.

Sayyoraning isib borishi allaqachon biz kutgandan ham ancha dahshatli. Odamzot tobora xavfli va oldini olib bo‘lmaydigan halokatlarga qarab intilyapti.

Shunday vaziyatda ham iqlim o‘zgarishining eng yomon oqibatlariga duch kelmaslikka harakat qilish mumkin. Faqat buning uchun iqtisodiyot va jamiyatda keskin o‘zgarishlar qilishga to‘g‘ri keladi.

Masalan, qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni to‘xtatib, qayta tiklanuvchi energiyaga sarmoya kiritish lozim. Qanday qilib bo‘lmasin, havo isishiga sabab bo‘luvchi ifloslanish darajasini 2035 yilga borib 2019 yildagiga qaraganda 60 foizga qisqartirish lozim.

Bundan tashqari, iqlim jabrdiydalari bo‘lgan kichik mamlakatlarga katta davlatlar yordam berishi, havodan uglerod gazlarini so‘rib oladigan texnologiyalar haqida ham o‘ylab ko‘rish lozim. Lekin hozircha bu texnologiyalarni ishlatish haqida aniq to‘xtamga kelinmayapti.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston ham iqlim o‘zgarishidan ko‘proq aziyat chekayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. So‘nggi paytlarda global harorat ko‘pyillik iqlimiy me’yorlardan 1 gradus isigan bo‘lsa, Markaziy Osiyo 2 gradusga isidi. O‘zbekistonda harorat global miqyosdagidan ko‘ra tezroq ko‘tarilgan va bu davom etadi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid