Jahon | 15:08 / 20.06.2023
5975
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya prezidenti Shtaynmayyer Qozog‘istonga davlat tashrifini boshladi

Shtaynmayyer Qozog‘istonga tashrifi bilan mintaqaning katta geosiyosiy ahamiyatiga urg‘u beryapti. Germaniya o‘zini Qozog‘istonga sherik sifatida taklif qilmoqchi, deya xabar berdi prezident devoni. 

Foto: AQORDA

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer ikki kunlik davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga keldi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev uni 20 iyun, seshanba kuni ertalab mamlakat poytaxti Ostonada kutib oldi. Muzokaralar va matbuot anjumanidan so‘ng ikki davlat rahbarlari Germaniya-Qozog‘iston iqtisodiy forumi ishida ishtirok etadi

Germaniya prezidenti devoni ma’lumotlariga ko‘ra, Shtaynmayyer Qozog‘istonga tashrifi bilan Ukrainada urush boshlanganidan keyin ortgan bu mintaqaning katta geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyatini ta’kidlamoqchi. 

Germaniya o‘zini Qozog‘istonga hamkor sifatida taklif qilmoqchi, bundan tashqari Berlinning Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kengaytirishdan strategik qiziqishi ortib bormoqda, chunki Germaniya siyosiy va iqtisodiy maydonlarda faolroq joylashishni istaydi, deyiladi xabarda. 

Qozog‘iston Germaniya uchun birinchi navbatda yirik neft va gaz zaxiralari tufayli iqtisodiy manfaatlidir. Shvedtdagi (Brandenburg) PCK neftni qayta ishlash zavodi hozirda Qozog‘istondan neftni qayta ishlamoqda, chunki Ukrainadagi urush fonida yanvar oyidan beri Rossiyadan neft yetkazib berish to‘xtatilgan. 

Shtaynmayyerning tashrifi arafasida kelishuv imzolangan, unga ko‘ra Shvedtdagi zavod 2024 yil oxirigacha Qozog‘istondan har oy 100 ming tonna xom neft oladi. Bu Shvedt zavodi quvvatini uzoq muddatda 10 foizga oshiradi. Shtaynmayyer kelishuv imzolanishini olqishlab, uni «Shvedt va Germaniyaning energiya xavfsizligi uchun yaxshi yangilik» deb atadi. 

Germaniya Qozog‘istonga mamlakatda noyob tuproq metallari borligi tufayli ham qiziqish bildirmoqda, aynan shu noyob tuproq metallari sababli Germaniya Xitoyga qattiq qaram. 

Shtaynmayyer 2017 yilda Qozog‘istonga prezident sifatida tashrif buyurgan edi. Bungacha u Germaniya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri lavozimida ushbu mamlakatga bir necha bor kelgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid