Jamiyat | 18:32 / 21.06.2023
18995
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada mushukni tiriklay yoqib yuborganlarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi 

Avvalroq, uch nafar shaxsga mushukni tiriklayin yoqib yuborgani uchun jarima jazosi qo‘llangan edi. Ushbu hukm prokuratura protesti bilan bekor qilindi.  

Foto: Videodan kadr

Farg‘onada mushukni tirik holda yoqib yuborgan uch nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi. 

Avvalroq, ularga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning111-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan edi. Ammo Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahri prokuraturasi protesti bilan bu qaror bekor qilinib, huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) 2-qismi va 189-1-moddasi (tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) bilan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahar sudiga yuborildi. 

21 iyun kuni ochiq sud majlisida bu ish ko‘rib chiqildi va M.A. (1983 yilda tug‘ilgan) 7 sutka, Az.A. (1995 yilda tug‘ilgan) 5 sutka va As.A. (2005 yilda tug‘ilgan) 3 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Qayd qilinishicha, qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda shikoyat berish va protest bildirishga haqli.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid