O‘zbekiston | 15:12 / 22.06.2023
12829
2 daqiqa o‘qiladi

Nodir Jonuzoq Davlat tili departamentiga mudir etib tayinlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Nodirjon Xolbo‘tayev (Nodir Jonuzoq) Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Kun.uz'ning hukumatdagi manbalari xabar berdi. Shoir bungacha Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotgandi.

Nodir Jonuzoq

Shoir Nodir Jonuzoq 1976 yilda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. Ko‘p yillar «Yoshlik» jurnaliga bosh muharrirlik qilgan. 

U 2018 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2019 yil dekabridan uyushma raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.

2022 yilda bir muddat prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Nodir Jonuzoq yana Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosarligiga qaytarilgan. Tayinlovga qadar u ayni shu lavozimda ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti ilk bor 2021 yil 21 oktyabrda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi kunida tashkil etilgan. 2022 yilda departament Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentiga aylantirilgan.

Keyinchalik mazkur tuzilma prezidentning ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi farmoni bilan bekor qilingan. Ammo farmondan 4 oy o‘tib, Davlat tilini rivojlantirish departamenti Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida qayta tashkil etildi.

Avvalroq, Kun.uz'da Davlat tilini rivojlantirish departamenti oldiga qo‘yilgan ko‘plab vazifalar bajarilmagani yoki oxiriga yetmaganiga oid tahliliy maqola e’lon qilingandi.

Unda jumladan, departamentning asosiy vazifalaridan bo‘lgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish ishi borasida sezilarli o‘zgarish yo‘qligi, «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning taqdiri noma’lumligicha qolgani yoki jamoat joylarida davlat tili me’yorlariga amal qilinishi masalasi juda yomon ahvolda ekani tanqid ostiga olingan.

Mavzuga oid