Jamiyat | 14:22 / 23.06.2023
16484
6 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi OAV vakillari bilan muloqot o‘tkazdi 

Bugun, 23 iyun kuni “To‘polang GES” unitar korxonasiga tashkillashtirilgan press-tur doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov OAV vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Press-turda mamlakatimizning nufuzli va yetakchi OAV vakillari, xorijiy OAVning O‘zbekistondagi vakilligi xodimlari – jami 40 ga yaqin jurnalist va blogerlar faol ishtirok etmoqda.

Jonli va qiziqarli kechgan muloqot davomida Boshqaruv raisi tomonidan “To‘polang GES” UK faoliyati, undagi inson omilisiz boshqariluvchi zamonaviy texnologiyalar, GESda o‘rnatilgan “aqlli boshqaruv tizimi”ga doir ma’lumotlar; To‘polang suv ombori tarixi hamda undagi suv hajmi, bosqichma-bosqich suv ombori hajmini oshirib borish, xavfsizligini ta’minlash borasidagi ilg‘or tizimlarni o‘rnatish; To‘polang gidrouzeli; To‘polang daryosi suvidan unumli va samarali foydalanish maqsadida barpo etilgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik GESlari; rejalashtirilgan yangi investitsiyaviy loyihalar (Zarchob-3 kichik GES va Yuqori To‘polang GESlari); GESlardagi elektr energiya ishlab chiqarish faoliyati; tizim tashkilot va korxonalarining faoliyati; Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli faoliyat, istiqbolli loyihalar; qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan gidroenergetik loyihalar (xususan Yavan GES qurilishi loyihasi); tobora e’tibor kuchayib borayotgan “yashil” energetika haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbir davomida jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga Boshqaruv raisi tomonidan to‘liq va batafsil javoblar berildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda yangi istiqbolli loyiha asosida 16 MVt bo‘lgan “Zarchob-3” GES qurilishi bo‘yicha dastlabki ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, istiqbolli loyihalar asosida keyingi yillarda To‘polang daryosining yuqori qismida jami 20 ta loyihalar asosida quvvati 264 MVt bo‘lgan Yuqori To‘polang GESlari quriladi.

Ushbu jarayonda esa Jamiyat tomonidan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan mikro GESlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida jami 55 ta loyiha asosida jami quvvati 25,8 MVt bo‘lgan loyihalar ishga tushiriladi. Shundan 2023 yilda 8 ta loyiha asosida jami quvvati 10,1 MVt bo‘lgan yangi loyihalar ishga tushirilib, aholiga toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu borada, Jamiyat tomonidan quvvati 9,1 MVt bo‘lgan 5 ta loyiha ishga tushirilishi, xususiy sektor tomonidan yangi 3ta loyiha – quvvati 1 MVt bo‘lgan mikro GESlar ishga tushiriladi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 582 mln m3 tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi. Shuningdek, 1560 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, 850 000 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Surxondaryodagi To‘polang suv ombori Sariosiyo tog‘laridan oqib tushgan suvlarni bir joyga to‘plash natijasida vujudga kelgan. O‘ziga xos tabiati va baland tog‘lar qurshovidagi ushbu katta gidroinshoot bu yerda yashovchi aholi uchun eng zarur manba hisoblanadi. Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi ekinzorlar mazkur suv ombori orqali sug‘orilsa, uning quyi qismidagi GESlar quvvati viloyatning janubiy hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. To‘polang suv omborining sig‘imi 500 mln m3 ga teng.

Prezidentimizning 2021 yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida To‘polang suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatmalariga muvofiq, hozirgi kunda viloyatning 11 ta tumanida amaliy ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu juda murakkab loyiha bo‘lib, dastavval To‘polang suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari qurilmoqda. To‘polang suv omboridan olingan suv avval asosiy inshootga quyiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi.

Loyihaga ko‘ra, To‘polang suv ombori tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Loyiha yakunida 11 mingdan ortiq xonadonda yashovchi 44 ming nafardan ziyod insonlarni ilk marta ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yuzaga keladi. 18 ming 805 xonadonda yashayotgan 75 mingdan ziyod kishining bu boradagi ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Natijada, viloyat aholisining markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70 foizdan oshadi. Qolaversa, 945 ta xonadon yoki 4 mingga yaqin aholining oqova suv quvuri tizimiga ulanishiga imkon yaratiladi.

Press-tur davomida Jamiyat Boshqaruvi raisi bilan o‘tkazilgan jonli muloqot jurnalist va blogerlar uchun mamlakatimiz gidroenergetika sohasi bilan yaqindan to‘laqonli tanishish, joriy va istiqbolli loyihalar, hamkorlik loyihalari haqida yetarlicha ma’lumot olish, amaliy ishlab chiqarish faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish, asosiy ko‘rsatkichlar, tahliliy ma’lumotlarni olishga xizmat qildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan oqilona foydalangan holda, xalqimiz xonadonlaridagi yorug‘lik manbai barqarorligi, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash jarayoniga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishi shubhasiz.

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan qurilayotgan yangi GESlar, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar, amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar jonajon Vatanimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga, xalqimiz turmush farovonligining oshishiga muhim hissa qo‘shadi.

O‘zbekgidroenergo axborot xizmati

Mavzuga oid