Sport | 15:06 / 28.06.2023
34907
15 daqiqa o‘qiladi

Ibrahimovich, Beyl, Iguain va bu yil faoliyatini yakunlagan boshqa yulduzlar

Bu yil ham o‘ndan ortiq afsonalar butsalarini mixga ildi.

Foto: «Sport Ekspress»

Zlatan Ibrahimovich (41 yosh)

Bu sodir bo‘ldi — oxir-oqibat Zlatan tugatdi. Shvetsiyalik hujumchi «Malmyo», «Ayaks», «Yuventus», «Inter», «Barselona», «Milan», «PSJ», «Manchester Yunayted» va «Los-Anjyeles Gelaksi» klublarida o‘ynadi. U 32 ta sovrinni qo‘lga kiritdi, 600 gol urdi va chiroyli tarzda xayrlashdi: muxlislar bilan to‘lib-toshgan «San-Siro»ga mikrofon bilan kirib, nutq so‘zladi, olqishlarga sazovor bo‘ldi va hatto yig‘ladi. Zlatanni hech qachon bunday ko‘rmaganmiz. Milanlik muxlislar afsonani ko‘zda yosh bilan kuzatishdi.

O‘sha oqshom «Milan» bilan to‘qnashgan «Verona» muxlislari shved futbolchisi nutq so‘zlaganida hushtak chalishdi. Zlatan esa o‘z uslubida javob berdi: «Davom eting. Bu siz uchun mavsumdagi eng yaxshi lahza — siz meni ko‘rdingiz». Bu gapdan keyin milanliklar Ibrani yanada olqishladi.

Marosimdan so‘ng Zlatan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xayrlashuv maktubini yozdi: «Men Malmyoda tug‘ildim. Amsterdamda o‘sdim. Turinda aqlim kirdi. Barselonada sherga aylandim. Milanda o‘sdim va Parijda yangi istiqbolni topdim. Manchesterda kuchimni jamladim, Los-Anjyelesda dam oldim. Va nihoyat, Milanda — yangi vatanimda tugatdim.

Meni sizlar yaratdingiz. Ortda qoldirayotgan merosim esa men yaratgan barcha yangi Zlatanlardir. Sher yuragiga ega bo‘lganlarning hammasi. Ko‘zlarida olov borlarning hammasi. Hech narsa imkonsiz emasligini chin dildan tushunadiganlarning barchasi».

Calciomercato xabariga ko‘ra, Ibrahimovich «Milan»da qoladi. Aniqrog‘i, Zlatan rahbariyat va jamoa o‘rtasida bog‘lovchi bo‘ladi.

Garet Beyl (33 yosh)

Beyl faoliyatini 33 yoshda yakunlanishini hech kim tasavvur qila olmasdi. Ammo so‘nggi yillarda Garet motivatsiyasini yo‘qotganga o‘xshadi va Uels milliy jamoasi 2022 yilgi jahon chempionatida guruhdayoq ishtirokini to‘xtatganidan so‘ng futbolni tark etish qaroriga keldi.

U futboldan ketganidan atigi ikki hafta o‘tgach, professional golf turniriga yo‘l oldi. Garet golfni futboldan ham ko‘proq sevardi.

May oyida u faoliyatini tiklashi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaldi, ammo uning agenti hammasini inkor qildi: «U endi o‘ynashni istamaydi. Hozir u ajoyib hayot kechirmoqda. U oilasi bilan birga, bolalari bilan ko‘p vaqt o‘tkazadi».

Beyl «Sauthempton», «Tottenhem», «Real» va «Los-Anjyeles» klublarida o‘ynadi. U 665 o‘yinda 227 ta gol urdi va 22 sovrinni qo‘lga kiritdi, ulardan asosiysi Madrid klubi bilan 5 ta Chempionlar Ligasi kubogi.

Xoakin (41 yosh)

«Betis» timsoli La Ligadagi 622-o‘yinidan so‘ng mavsumni yig‘lab yakunladi — bu liga rekordi! Xoakin «Benito Vilyamarin» stadionida sobiq jamoalaridan biri «Valensiya»ga qarshi so‘nggi tur o‘yinidan keyin muxlislar va sevimli klubi bilan hayrlashdi.

«Shu muxlislar tufayli Xoakinga aylandim. Ko‘p his-tuyg‘ular, juda ko‘p xotiralar ... Juda ta’sirli kun», — dedi faxriy futbolchi yig‘lashdan to‘xtamasdan.

Iyun oyi boshida «Betis» Xoakin bilan xayrlashuv o‘yinini o‘tkazdi. Unda yarimhimoyachining do‘stlari — Serxio Ramos, Iker Kasilyas, Xaviyer Saviola, Santi Kasorla, Guti, Pepe Reyna, Ruud van Nistelroy va boshqa mashhur futbolchilar ishtirok etishdi.

Mesut O‘zil (34 yosh)

Germaniyalik yarimhimoyachi bahorda faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi: u Turkiyaning «Istanbul» klubida o‘tgan mavsumda bor-yo‘g‘i 4 o‘yinda maydonga tushdi, ko‘pincha jarohatlar tufayli tarkibga kiritilmadi. Shuning uchun O‘zil to‘xtashga qaror qildi.

«Deyarli 17 yil davomida professional futbolchi degan sharafga muyassar bo‘ldim va bu imkoniyat uchun juda minnatdorman. Ammo so‘nggi haftalar va oylar davomidagi bir necha jarohatlar katta futbol maydonini tark etish vaqti kelganidan darak berdi», — dedi Mesut ijtimoiy tarmoqlarda.

«Shalke», «Verder», «Arsenal», «Fenerbahche», «Istanbul» va, albatta, «Real» — futbolchi klublar miqyosida 10 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Unga faqat Chempionlar Ligasi g‘olibligi nasib etmadi. Ammo O‘zilda 2014 yilda qo‘lga kiritilgan jahon chempionatining oltin medali bor.

Gonsalo Higuain (35 yosh)

Argentinalik hujumchi MLSda «Inter Mayami»da faoliyatini tugatdi, ammo Gonsalo «Real», «Yuventus», «Napoli», «Milan» va «Chelsi»dagi o‘yinlari bilan yodda qoladi.

Ispaniya va Italiyadagi oltin, kuboklar hamda «Chelsi» bilan Yevropa Ligasidagi g‘alaba — Iguain munosib sovrinlar to‘plami bilan ketdi.

Gonsalo ketishini e’lon qilayotganda ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Jyerar Pike (36 yosh)

Noyabr oyida Pike «Barselona»dagi so‘nggi o‘yinini «Almeriya»ga qarshi o‘tkazdi va faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

«Bobom meni tug‘ilishim bilan shu klubning a’zosi qilib qo‘ygan. Shu yerda tug‘ilganman va shu yerda o‘laman. Bu xayrlashuv emas va men bu klubga qaytishimga mutlaqo aminman. Yashasin, «Barsa!» — dedi ispaniyalik «Kamp Nou»dagi xayrlashuv nutqida.

Hozirda Jyerar sobiq futbolchilar o‘ynaydigan «Qirollar ligasi»ni (Medialiga) rivojlantirish bilan faol shug‘ullanmoqda.

Fernando Liorente (38 yosh)

Ispaniyalik hujumchi o‘tgan mavsumda «Eybar» safida to‘p tepdi va shartnomasi muddati tugagach, klubsiz qoldi. Shu yilning fevral oyida u butsalarini mixga ilganini va padel-tennis o‘ynashini ma’lum qilgandi.

Bahorda jahon va Yevropa chempioni hali ham futbolni sog‘inayotganini aytdi hamda Pikening Medialigasiga qo‘shilish istagini bildirdi.

Emmanuel Adebayor (39 yosh)

«Arsenal», «Manchester Siti», «Real» va «Tottenhem» klublarida o‘ynagan togolik hujumchi bir necha yil avval Yevropa futbolini tark etib, dastlab Paragvayning «Olimpiya Asunson», keyin esa Togoning «Semassi» jamoasida o‘ynadi. Fevral oyida Adebayor «Afsonalar kubogi-2023» tadbiri uchun Moskvaga keldi va Afrika yulduzlar jamoasida o‘ynadi. O‘shanda u faoliyatini tugatayotgani ma’lum bo‘lgandi. Mart oyida Emmanuel buni rasman e’lon qildi.

Marek Hamshik (35 yosh)

«Napoli» va Slovakiya milliy jamoasi afsonasi so‘nggi mavsumlarni «Trabzonspor»da o‘tkazib, bir yil avval Turkiya chempioni bo‘ldi. Bu — uning faoliyatidagi yagona chempionlik unvoni.

2022/23 yilgi mavsum u uchun so‘nggisi bo‘ldi — iyun oyida Hamshik yorqin faoliyatini yakunlayotganini e’lon qildi.

Lukas Leyva (36 yosh)

Braziliyalik futbolchini «Liverpul» va «Latsio»dagi o‘yinlari bilan ko‘pchilik eslaydi. Shu yilning mart oyida yarimhimoyachi yuragi bilan bog‘liq muammolar tufayli futbolni tark etishga majbur bo‘ldi. Shifokorlar unga miokard fibrozi tashxisini qo‘yishdi. Braziliyalik futbolchining so‘nggi jamoasi «Gremio» bo‘lgani ramziy ma’noga ega, bu — uning faoliyatidagi birinchi klubi.

Marten Stekelenburg (40 yosh)

Niderlandiyalik afsonaviy darvozabon bu mavsumda «Ayaks» tarkibida birorta ham rasmiy o‘yin o‘tkazmadi. May oyida klub Stekelenburg faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgandi.

Mavsum so‘ngida klub mediasi Amsterdam jamoasida 300 ga yaqin o‘yin o‘tkazgan mashhur darvozabon bilan xayrlashuv videosini ulashdi.

Kevin-Prins Boateng (36 yosh)

«Milan», «Barsa» va «Tottenhem»ning sobiq futbolchisi bir yil avval «Herta» bilan shartnomasini uzaytirganini nishonlagandi — u muxlislar uchun 2023 dona kabob buyurtma qilgandi. Ammo ganalik yarimhimoyachi bu uning oxirgi mavsumi ekanini ma’lum qildi va yakun muvaffaqiyatsiz bo‘ldi — Berlin klubi ikkinchi ligaga tushib ketdi va endi Boatengsiz qaytishga harakat qiladi.

Boyan Krkich (32 yosh)

Ispaniyalik 32 yoshli futbolchi faoliyatini yakunlashini bahorda «Kamp Nou»da bo‘lib o‘tgan tadbirda e’lon qildi: «8 yoshimdan «Barsa» tizimida o‘ynadim, hozir esa ko‘p yillardan so‘ng professional futbolchi sifatidagi faoliyatim nihoyasiga yetayotganini faxr bilan e’lon qilmoqchiman. Boshdan kechirganlarimning hammasi uchun juda minnatdorman. Vaqt kelganini his qilyapman. Faoliyatimni yakunlayapman», — dedi hujumchi marosimda.

Boyanning so‘nggi klubi Yaponiyaning «Vissel Kobe»si edi.

Domeniko Krishito (36 yosh)

O‘tgan yil noyabr oyida Krishito faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi, biroq B Seriyada o‘ynayotgan qadrdon klubi «Jyenoa»dan taklif tushganda, «yo‘q» deya olmadi. Italiyalik futbolchi klubga A Seriyaga chiqishga yordam berish uchun 6 oyga futbolga qaytdi.

Natijada Domeniko chiroyli final bilan ketdi: so‘nggi o‘yinida u to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib «Bari»ga qarshi maydonga tushdi va 90+5-daqiqada penaltidan gol urib, genuyaliklar g‘alaba qozonishiga yordam berdi (4:3).

Kristian Rodriges (37 yosh)

Urugvaylik yarimhimoyachi «PSJ», «Benfika», «Atletiko», «Portu» va «Parma» klublarida o‘ynagan, so‘nggi bir necha yilni vatanida o‘tkazdi.

Rodriges yanvar oyida faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. U Urugvay milliy jamoasi safida 100 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan va Rossiyada bo‘lib o‘tgan JCh-2018 uning uchun so‘nggi yirik turnir bo‘lgan.

Matias Fernandes (37 yosh)

Chililik afsonaviy futbolchi «Vilyarreal», «Sporting», «Fiorentina» va «Milan» klublarida to‘p tepgan, oxirgi 3 yil davomida yurtida «La Serena» uchun o‘ynadi.

Fevral oyida Matias futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Milliy jamoada Fernandes 70 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan va 2015 yilda Amerika Kubogida g‘olib chiqqan.

Eljyero Elia (36 yosh)

Niderlandiyalik Elia katta iste’dod egasi hisoblangan — 17 yoshida u «ADO Den Haag»da debyut qilgan, milliy jamoadagi ilk o‘yinida gol urgan, JCh-2010 finalida o‘ynagan jamoaning qaydnomasida bor edi. Ammo Eljyeroning faoliyati muvaffaqiyatsiz kechdi: «Hamburg»dan keyin unga «Yuventus»dan taklif tushdi. Turinda esa vingerning ishlari yurishmadi — butun mavsumni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi, shundan so‘ng jamoani tark etdi.

Ikki yil oldin u yurtiga — qadrdon jamoasiga qaytdi va o‘tgan qishda faoliyatini yakunlayotganini e’lon qildi. ESPN'ning xabar berishicha, Elia futboldan keyin musiqaga qiziqib qolgan, hozir reper hisoblanadi.

Burak Yilmaz (37 yosh)

Turkiyalik hujumchi deyarli butun faoliyatini vatanida o‘tkazdi va u yerda muntazam ravishda «Galatasaroy», «Trabzonspor», «Beshiktosh» jamoalarida maydonga tushdi. 2020 yilda Yilmazni «Lill» sotib oldi va u jamoa bilan Fransiya chempionligini qo‘lga kiritdi. Burakning so‘nggi klubi Niderlandiyaning «Fortuna Sittard»i bo‘lgan. Yilmaz 26 o‘yinda 9 ta gol urdi va qolgan bir yillik shartnomasini bekor qilib, faoliyatini yakunladi. Hujumchi allaqachon murabbiy bo‘lmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

Shime Vrsalko (31 yosh)

Xorvatiyalik futbolchi «Dinamo Zagreb», «Atletiko», «Jyenoa», «Inter», «Sassuolo», «Olimpiakos» klublarida to‘p tepgan. To‘g‘ri, uning Gretsiyada ishlari yurishmadi: Vrsalko kamdan kam o‘yinlarda maydonga tushdi, jarohatlar oldi va kuzda shartnomasini bekor qildi. Shu yil bahorida Shime futbolga qaytmasligi va asosiy e’tiborini agentlik ishlariga qaratishini aytdi.

Joao Miranda (38 yosh)

Braziliyalik himoyachi «Atletiko» va «Inter»dagi faoliyati bilan yodda qolgan. Diyego Simeone jamoasi tarkibida Miranda La Liga, Yevropa Ligasi, Yevropa Superkubogida g‘olib bo‘lgan va Chempionlar Ligasi finalida o‘ynagan. Joau Italiyani tark etib, Xitoyga yo‘l olgandi va u yerda «Tszyansu Sunin» jamoasida o‘ynadi. Uning so‘nggi klubi esa «San-Paulu» edi.

«Vaqti keldi. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchadan minnatdorman. Futbol, senga katta rahmat!» — deb yozdi Miranda shu yilning yanvar oyida.

Yonas Hektor (33 yosh)

Germaniya milliy jamoasining eng kamtar futbolchisi butun professional faoliyatini bir klub – «Kyoln»da o‘tkazdi. Himoyachi katta yulduzga aylanmadi, lekin nemis muxlislari uni bir jamoaga sodiqligi uchun doimo qadrlashdi (Yonas o‘z vaqtida «Bavariya» taklifini rad etgan).

Hektor 2017 yilda akasi vafotidan keyin oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish maqsadida milliy jamoani tark etgandi. U klubdagi faoliyatini ham shunga o‘xshash sabab bilan — doimiy stress va OAV e’tiboridan charchagani uchun yakunladi.

Mavzuga oid