«Chempionat» o‘tgan 12 oy mobaynida ro‘y bergan eng yaxshi transferlarni saraladi.
10. Ante Rebich, «Ayntraxt»dan «Milan»ga (5 mln yevro)

Avvalgi mavsumni Rebich «Milan»da ijara asosida o‘tkazgandi. Xorvatiyalik yarimhimoyachi «rossoneri»lar yetakchilaridan biriga aylandi va barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda o‘z hisobiga 12 gol yozib qo‘ydi va bu jamoadagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Sentyabrda «Milan» Rebichning transfer huquqini atigi 5 mln yevro evaziga sotib oldi. Transfermarkt portali Antening transfer qiymatini 32 mln yevroga baholagan. Transfer bu qadar arzon tushganining sababi, «Milan» va «Ayntraxt» futbolchilarni almashtirishgan: Rebich Italiyaga kelgach, uning o‘rniga Andre Silva yo‘l olgan. Portugaliyalik hujumchining «Milan»dagi ishlari yurishmagandi.
Joriy mavsumda xorvatiyalik futbolchi 13 uchrashuvda maydonga tushib, 1 gol urdi va 6 golga uzatma berdi. U «gol + pas» tizimida «Milan»da faqat uch futbolchidan ortda — Chalxono‘g‘li (6 + 9), Ibrahimovich (11 + 2) va Teo Ernandes (4 + 5).
9. Moyze Kin, «Everton»dan «PSJ»ga (ijara)
«Yuventus»da ko‘zga tushgan italiyalik yosh hujumchi «Everton»ga o‘tgach o‘ynab keta olmagandi. Angliya chempionatidagi bir yil davomida u 37 uchrashuvda 4 gol urdi. Yosh forvardning faoliyati yo‘qqa chiqayotgandek edi, ammo u o‘z vaqtida «PSJ»ga ijaraga berildi. Bu yerda Moyze avvalgidek o‘yin namoyish eta boshladi: 16 o‘yin, 9 gol, 1 assist. Jamoada faqat uch futbolchi undan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega: Mbappe (14 + 7), Neymar (9 + 5) va Di Mariya (4 + 9).
Shunday natijalarga qaramasdan, Moyze mavsum yakunida «Everton»ga qaytishiga to‘g‘ri keladi. «PSJ» futbolchini sotib olish huquqi bilan ijaraga olmagandi, ammo bu ijara shartnomasini parijliklar rahbariyati muvaffaqiyatli ishlar hisobiga yozib qo‘ysa bo‘ladi.
8. Anxelino, «Manchester Siti»dan «RB Leypsig»ga (ijara)

«Manchester Siti» tarbiyalanuvchi bu mavsumda ham boshqa klubga ijaraga berildi. Bu uning faoliyatidagi beshinchi ijara klub. 2019 yilda «shaharliklar» Anxelinoni PSVdan chaqirib olishgandi, niderlandlar jamoasida u asosiy tarkib futbolchisiga aylangandi. Ammo bir mavsum davomida ushbu ispan himoyachisi «Manchester Siti»da asosiy tarkibdan o‘rin ololmadi va «RB Leypsig»ga ijaraga jo‘natildi.

















