Jahon | 10:37 / 28.06.2023
8088
2 daqiqa o‘qiladi

Orban G‘arb davlatlarining Ukrainaga qurol yetkazib berishini xato deb atadi

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban G‘arb davlatlarining Kiyevga qurol yetkazib berishini xato deb atadi. Uning fikricha, Ukraina faqat G‘arb qurollari va texnikasi evaziga jangovar harakatlarni davom ettirishga va qurbonlar sonini oshirishga qodir. Bu haqda Orban 27 iyun, seshanba kuni Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: AFP/EAST NEWS

«Ukraina suveren davlat bo‘lishdan to‘xtadi. Ularda pul yo‘q. Ularda qurol yo‘q. Ular faqat jang qilishlari mumkin, chunki biz ularni G‘arbda qo‘llab-quvvatlayapmiz. Demak, amerikaliklar tinchlikni xohlasa, tinchlik bo‘ladi», - deydi Vengriya bosh vaziri. 

Orbanning aytishicha, bundan tashqari, Ukrainaning g‘alaba qozonish imkoniyatlarini ko‘rish «vaziyatni yetarli darajada tasavvur qilmaslik» degani. «Ukrainada askarlar soni Rossiyadan kam va ular tez tugaydi. Bu oxir-oqibat hal qiluvchi omil bo‘ladi», - dedi Vengriya bosh vaziri va urushning davom etishi ukrainaliklarga «tasavvur qilib bo‘lmaydigan halokat, juda ko‘p sonli odamlar va boyliklarni yo‘qotish bilan tahdid qilishini» ta’kidladi.  

G‘arb qurollari yetkazib berilmasa, Ukraina butunlay Rossiya tomonidan bosib olinadi, degan taxminni Orban «faqat faraz» deb atadi va Rossiyani NATO yoki Vengriyaning o‘ziga tahdid sifatida ko‘rmasligini aytdi. 

«Urush tugagandan keyingina urush jinoyatlari haqida gapirishimiz mumkin, agar siz o‘t ochishni to‘xtatib, keyin muzokara qilishni istasangiz, mojaroga aloqadorlarni muzokara stoliga o‘tirishga ko‘ndirishingiz kerak». 

Orbanning fikricha, AQSh Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatib, Rossiyani muzokaralar stoliga taklif qilsagina tinchlik bo‘ladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid