Iqtisodiyot | 15:39 / 29.06.2023
26655
3 daqiqa o‘qiladi

Tezyurar elektropoyezdlar faqat Talgo kompaniyasidan xarid qilinmaydi - “O‘zbekiston temiryo‘llari”

Kompaniya ayni paytda Talgo’dan tashqari Stadler, Skoda, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian kabi mashhur ishlab chiqaruvchilar bilan ham tezyurar elektropoyezdlar sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Foto: tashtrans.uz

Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi «Dunyo» axborot agentligi 28 iyun kuni Talgo kompaniyasining 4 ta tezyurar elektropoyezdi Ispaniyadan O‘zbekistonga yetkazib berilishi haqida xabar berdi. Xabarda O‘zbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Jahongir G‘aniyev Patentes Talgo kompaniyasi prezidenti Karlos Palasi Oriol bilan uchrashuvda O‘zbekiston tomonida Talgo-250 poyezdlarini xarid qilishni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilgani haqida so‘z boradi.

Davlat axborot agentligining ushbu xabarini boshqa OAV, jumladan, Kun.uz ham tarqatdi. Biroq “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, rasmiy manbada e’lon qilingan xabar noto‘g‘ri talqin etilgan.

Raddiyada kompaniya tomonidan yaqin yillar ichida yuqori tezlikda harakatlanuvchi tezyurar poyezdlar sonini yana 4 taga ko‘paytirish rejalashtirilgani, lekin bunday elektropoyezdlarni faqatgina Talgo kompaniyasidan emas, balki dunyodagi ko‘zga ko‘ringan kompaniyalardan xarid qilish ko‘zda tutilgani ta’kidlanadi.

“Bugungi kunda “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining mutasaddi mutaxassislar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi dunyoning yetakchi kompaniyalarining takliflari o‘rganilmoqda. Bunda mamlakatimizning o‘ziga xos qish va yoz mavsumidagi iqlim sharoitlari inobatga olinmoqda, yo‘lovchilarni tashish sharoit va qulayliklari, yo‘lovchilar sig‘imi va boshqa jihatlar o‘rganilmoqda”, deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ 34 ta zamonaviy elektropoyezdlar sotib olish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilgan. Qayd etilishicha, zamonaviy elektropoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha hozir Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian kabi dunyoning eng ilg‘or kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ delegatsiyasining Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligida o‘tgan yilning iyulida tashkil etilgan uchrashuvda ham ushbu masala muhokama qilingan, sotib olinishi rejalashtirilgan yangi poyezdlar «Buxoro-Urganch-Xiva» yo‘nalishida foydalanishi ochiqlangandi.

Shu kungacha «O‘zbekiston temiryo‘llari» tomonidan Talgo-250 rusumidagi 6 ta tezyurar elektropoyezd xarid qilingan. Oxirgi partiya 2021 yilda olib kelingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda Bekobod, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l va Ohangaron shaharlariga zamonaviy elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini aytgandi.

Mavzuga oid