O‘zbekiston | 22:04 / 28.06.2023
13720
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi Talgo elektropoyezdlari yana to‘rttaga ko‘payadi

Yangi poyezdlar «Buxoro-Urganch-Xiva» temiryo‘l yo‘nalishida foydalanishga qo‘yiladi.

Foto: Kun.uz

Ispaniyadan O‘zbekistonga 4 ta Talgo-250 tezyurar elektropoyezdlari keltiriladi. Dunyo axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekistonning Ispaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Jahongir G‘aniyev Patentes Talgo kompaniyasi prezidenti Karlos Palasi Oriol bilan uchrashuvda O‘zbekiston tomonida Talgo-250 poyezdlari xarid qilishni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

“Karlos Palasi Oriol Daniya va Germaniyadan 64 ta poyezd uchun yirik buyurtma kelib tushgani, ayni paytda kompaniya zavodlari ushbu poyezdlarni tayyorlash uchun tig‘iz grafik asosida ishlayotganiga qaramay Patentes Talgo O‘zbekiston tomoni rejalashtirgan muddatlarda 4 ta elektropoyezdni tayyorlash va yetkazib berishni ta’minlashga tayyor ekanini bildirgan”, deyiladi agentlik xabarida.

Yangi poyezdlar Ispaniya hukumati huzuridagi korxonalarni internatsionalizatsiya qilish jamg‘armasi (FIEM)ning uzoq muddatli imtiyozli kreditlari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ delegatsiyasining Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligida o‘tgan yilning iyulida tashkil etilgan uchrashuvda ham ushbu masala muhokama qilingan, sotib olinishi rejalashtirilgan yangi poyezdlar «Buxoro-Urganch-Xiva» yo‘nalishida foydalanishi ochiqlangandi.

Shu kungacha «O‘zbekiston temiryo‘llari» tomonidan Talgo-250 rusumidagi 6 ta tezyurar elektropoyezd xarid qilingan. Oxirgi partiya 2021 yilda olib kelingan.

Avvalroq O‘zbekiston 34 ta zamonaviy elektropoyezd sotib olish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda Bekobod, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l va Ohangaron shaharlariga zamonaviy elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini aytgandi.

Mavzuga oid