Jahon | 19:35 / 30.06.2023
11024
3 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda yadroviy qurollanish poygasiga 82 milliard dollar ajratildi

Yadro arsenalining ko‘lami bo‘yicha Rossiya, AQSh va Xitoy dunyoda yetakchilar hisoblanadi.

Foto: AP

Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga (YaQTsh) bu yil 55 yil to‘ldi, biroq bu sohaga sarmoya kiritilishi bo‘yicha bahslar shu kungacha davom etmoqda.

2022 yilda yadroviy qurollanish poygasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 82 milliard dollardan oshdi, deb xabar berdi Anadolu.

YaQTsh BMT Qurolsizlanish bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan ko‘p tomonlama xalqaro hujjat bo‘lib, yadroviy qurolga ega bo‘lgan davlatlar doirasini kengaytirishga mustahkam to‘siq o‘rnatish, shuningdek, qurolli mojarolar ehtimolini cheklash maqsadida ishlab chiqilgan.

Shartnoma 1968 yil 12 iyunda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlandi va 1970 yil 5 martda kuchga kirdi. 1995 yilda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz muddatsiz uzaytirildi.

Hozirda yadro quroliga ega davlatlar qatoriga AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya kiradi. Shu bilan birga, yadro qurollari soni bo‘yicha Rossiya, AQSh va Xitoy hukmron kuchlar sanaladi.

Statista tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 12,5 mingdan ortiq yadro kallaklari mavjud. Rossiya jangovar kallaklar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi - 5889 dona. Undan keyin AQSh – 5244 jangovar kallak va Xitoy – 410 dona. Fransiya 290 ta yadro kallaklariga, Britaniya 225 ta, Pokiston 170 ta, Hindiston 164 ta, Isroil 90 ta va Shimoliy Koreya 20 ta yadro kallaklariga ega ekani taxmin qilinmoqda.

Stokgolm tinchlik tadqiqot instituti (STTI) hisobotiga ko‘ra, butun dunyoda yadro kallaklari soni qisqarishda davom etmoqda, biroq bu asosan AQSh va Rossiyada foydalanilmagan kallaklarning utilizatsiya qilinishi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, global miqyosda faol jangovar kallaklar arsenalini qisqartirish jarayoni uzoqqa cho‘zilmoqda va yangi jangovar kallaklarni ishlab chiqarish to‘xtamayapti.

AQSh va Rossiya yadro arsenallarini, raketa uchirish tizimlarini, yadroviy qurol tashuvchilarni, jumladan, samolyot va suv osti kemalarini, yadro quroli ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid