Jahon | 09:28 / 30.06.2023
5300
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitiga tayyorgarlikni kuchaytiryapti

Sammitning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqi rahbarlari Kiyevning «tinchlik formulasi»ni maksimal darajada qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro aloqalarni faollashtirish rejalarini ma’lum qildi.

Foto: Shutterstock

Yevropa Ittifoqi davlatlari Kiyev taklif qilgan «tinchlik formulasi»ni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro tinchlik sammitini rejalashtirishda Ukrainaga ko‘proq yordam berish niyatida. Bu haqda dpa agentligi 29 iyun, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan YeI yetakchilari sammitining birinchi kuni yakunlari bo‘yicha bayonotga tayanib xabar bermoqda.

Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining bayonotida aytilishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari «tinchlik formulasi»ni maksimal darajada xalqaro qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash uchun aloqalarni faollashtirish niyatida. Shu nuqtayi nazardan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Shveytsariyada o‘tkazishni taklif qilgan global tinchlik sammiti ham tilga olinyapti. Tadbirning aniq sanasi hali aniqlashtirilmagan.

Kiyev sammitda Ukraina «tinchlik formulasi»ni qo‘llab-quvvatlaydigan imkon qadar ko‘proq davlatlar ishtirok etishini kutmoqda. Formulaga Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan to‘liq olib chiqib ketish, barcha harbiy asirlarni ozod qilish, harbiy jinoyatchilar ustidan sud jarayoni va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari kiradi.

May oyida The Wall Street Journal Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Zelenskiyga Parijda tinchlik sammiti o‘tkazish taklifi bilan chiqqanini aniqladi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa rasmiylari va diplomatlari unga Braziliya, Hindiston, Xitoy va Saudiya Arabistonini jalb qilmoqchi. Bundan tashqari, sammitda AQSh prezidenti Jo Bayden va NATOning boshqa yetakchilari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Mavzuga oid