Jahon | 15:16 / 03.07.2023
9301
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyadagi tartibsizliklar Shveytsariyagacha yetib bordi

Lozannada yuzga yaqin o‘smir politsiya bilan to‘qnashgan. 7 nafar shaxs, jumladan, 6 nafar voyaga yetmagan qo‘lga olindi.

Foto: AP

Politsiyachi tomonidan 17 yoshli o‘smir otib o‘ldirilganidan so‘ng Fransiyani qamrab olgan tartibsizliklar Shveytsariyagacha yetib bordi, deb xabar bermoqda 2 iyul, yakshanba kuni AFP. Shanba kuni kechqurun Lozanna markazida ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘ng‘iroqlardan so‘ng yuzdan ortiq o‘smir va yoshlar yig‘ildi – ular deraza oynalarini sindirib, politsiyachilarga tosh otdi. Shveytsariya politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 kishi, jumladan, 6 nafar voyaga yetmagan qo‘lga olingan. Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

3 iyul kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fransiya parlamenti deputatlari va tartibsizliklardan jabr ko‘rgan 220 ta shahar va kommuna merlari bilan uchrashmoqchi. Mamlakatdagi vaziyat tufayli u Germaniyaga dushanbaga belgilangan tashrifini keyinga qoldirdi. Namoyishlarga politsiyachi 17 yoshli o‘smirni otib o‘ldirgani sabab bo‘lgan.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, yigit mashina rulida bo‘lib, politsiyachining talabiga binoan to‘xtashdan bosh tortgan, shuning uchun unga qarata o‘t ochilgan. Huquq-tartibot idoralari voqeaning barcha holatlarini aniqlash uchun tergov boshladi. O‘smirni otgan politsiyachi hibsga olingan. U qasddan odam o‘ldirishda ayblanyapti.

Har kuni tartibsizliklar tufayli qo‘lga olinganlar soni yuzlab kishiga yetdi – yakshanbaga o‘tar kechasi kamida 719 kishi ushlandi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari tartibsizliklarning so‘nggi kechasini nisbatan “sokin” deb atagan va Nanter masjidida o‘tkazilgan vidolashuv marosimida hech qanday hodisa qayd etilmagan.

Fransiyadagi tartibsizliklar fonida barcha madaniy tadbirlar bekor qilingan va jamoat transporti to‘xtatilgan, unga qarshi kurashga 45 ming politsiyachi jalb qilingan. Biroq, Parijda favqulodda holat joriy etish rejalashtirilmagan, dedi poytaxt prefekti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid