O‘zbekiston | 22:32 / 04.07.2023
33094
3 daqiqa o‘qiladi

BMT «El-Ninyo» qaytganini e’lon qildi, yangi harorat rekordlari kutilmoqda

Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta «El-Ninyo» sharoiti yuzaga keldi. Bu esa global haroratning keskin oshishi va ob-havo bilan iqlimning halokatli sharoitlariga zamin yaratadi.

Foto: AP

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon Meteorologiya Tashkiloti (WMO) «Tinch okeanining tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta «El-Ninyo» sharoiti yuzaga kelganini» e’lon qildi. Bu esa global haroratning keskin oshishi va ob-havo bilan iqlimning halokatli sharoitlariga zamin yaratadi.

Iyun oyi boshida AQSh olimlari ham «El-Ninyo» qaytishi haqida xabar bergan edi.

«El-Ninyo» (ispancha – bolakay) ob-havo fenomeni o‘rtacha 2-7 yilda bir marta sodir bo‘ladi va odatda 9 oydan 12 oygacha davom etadi. Bu Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim rejimi hisoblanadi. Ammo bu inson faoliyati natijasida o‘zgargan iqlim sharoitida ham sodir bo‘ladi.

WMO 2023 yil ikkinchi yarmida «El-Ninyo» hodisasi davom etishining ehtimolini 90 foizga baholamoqda. U kamida o‘rtacha kuchga ega bo‘lishi kutilmoqda.

«El-Ninyo»ning boshlanishi dunyoning ko‘plab qismlari va okean mintaqalarida harorat rekordlari va haddan tashqari issiq ob-havo sharoiti ehtimolini sezilarli darajada oshiradi», dedi WMO bosh kotibi, professor Petteri Taalas. Bu fenomen bilan bog‘liq ekstremal ob-havo sharoitlari haqidagi ogohlantirishlar hayot va tirikchilik vositalarini saqlab qolish uchun juda muhimdir. 

WMO hisobotiga ko‘ra, 2016 yil «El-Ninyo»ning «qo‘sh zarbasi» tufayli rekord darajadagi issiq yil bo‘ldi. Odatda global haroratga ta’sir El-Ninyo hodisasidan keyin bir yil ichida namoyon bo‘ladi, «shuning uchun 2024 yilda uning ta’siri eng sezilarli bo‘lishi mumkin». 

«El-Ninyo» hodisasi Janubiy Amerikaning janubida, AQSh janubida, Afrika «shoxi» va Markaziy Osiyoda yog‘ingarchilikning ko‘payishi bilan bog‘liq. Aksincha, Avstraliya, Indoneziya, Janubiy Osiyoning bir qismi, Markaziy Amerika va Janubiy Amerika shimolida kuchli qurg‘oqchilikka olib kelishi mumkin. Yozda «El-Ninyo» tufayli iliqroq suv Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida dovullarni qo‘zg‘atadi va shu bilan birga Atlantika havzasida bo‘ronlar paydo bo‘lishining oldini oladi. 

Olimlar xavotiriga ko‘ra, bu safar «El-Ninyo» sayyoramizdagi o‘rtacha haroratning 1,5 darajaga oshishiga olib kelishi mumkin. Bu esa turli oqibatlarni, jumladan iqtisodiy muammolarni keltirib chiqadi. Taqqoslash uchun: 1997–1998 yillarda «El-Ninyo» dunyo iqtisodiyotiga 5 trln dollar zarar keltirdi. Ushbu hodisa oqibatida yuzaga kelgan bo‘ronlar va suv toshqinlari 23 mingga yaqin kishi hayotiga zomin bo‘ldi.

Mavzuga oid