Jahon | 18:20 / 04.07.2023
12208
2 daqiqa o‘qiladi

Eron rasman Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘ldi

Shuningdek, Belarusning ShHT a’zosi bo‘lish jarayoni boshlandi.

Foto: Shanxay Hamkorlik Tashkiloti

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) 4 iyul kuni Eronning assotsiatsiyaga a’zo davlatlar qatoriga kirganini rasman e’lon qildi.

Tegishli qaror tashkilotning Hindiston raisligidagi 23-sammitida qabul qilindi. Shu munosabat bilan Pekindagi ShHT kotibiyatida Eron bayrog‘ini ko‘tarishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Shunday qilib, Eron davlatlararo assotsiatsiyaning to‘qqizinchi a’zosiga aylandi. 2022 yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Eronning tashkilotga a’zo bo‘lish majburiyati to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi.

Bundan tashqari, ShHT davlatlari rahbarlari Belarus majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumni imzoladilar. Ushbu hujjat respublikaning ShHT a’zosi bo‘lish jarayonini boshlab beradi. Belarus sammitga kuzatuvchi sifatida taklif qilingan edi.

«Kelgusi davr uchun ShHT raisligi Qozog‘iston Respublikasiga o‘tadi. ShHT davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2024 yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi», deyiladi Nyu-Dehli qo‘shma deklaratsiyasida.

ShHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab tashkilot tarkibiga oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekiston kirgan edi. 2017 yilda Hindiston va Pokiston ularga qo‘shildi.

 

 

Mavzuga oid