Jahon | 09:47 / 07.07.2023
5199
2 daqiqa o‘qiladi

YeI o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejasi bo‘yicha kelishib oldi

500 million yevro ajratishni nazarda tutuvchi loyihani ishlab chiqishga Ukrainaga yetarli miqdorda snaryad va raketalarni yetkazib berishdagi qiyinchilik sabab bo‘ldi.

Foto: Getty Images

YeIga a’zo davlatlar hukumatlari va Yevroparlament vakillari 6 iyul, payshanba kuni Yevropa mudofaa sanoatini ishlab chiqarish quvvatlarini jadal kengaytirish uchun moliyaviy rag‘batlantirish rejasi bo‘yicha kelishib oldi. U may oyida Yevrokomissiya tomonidan taklif qilingan va Yevropa Ittifoqi budjetidan 500 million yevro ajratishni nazarda tutadi.

Kelishuv Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi qat’iyatining yana bir isbotidir, dedi hozirda Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqining mudofaa texnologiyalari va sanoat bazasini mustahkamlash majburiyatini namoyish etadi va Yevropa Ittifoqi fuqarolarining uzoq muddatli xavfsizligi va mudofaasini ta’minlaydi, dedi u.

Loyihani ishlab chiqishga Yevropa Ittifoqi davlatlarining Ukrainaga yetarli miqdorda artilleriya o‘q-dorilari, shuningdek, hujumni qaytarish uchun raketalar bilan ta’minlashdagi qiyinchiliklar sabab bo‘ldi. Ishlab chiqarish hajmining oshishi Ukraina qurolli kuchlari uchun keyingi qiyinchiliklarning oldini olish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlarining o‘zini o‘zi himoya qilish qobiliyatini va o‘q-dorilar yetarli zaxirasini saqlab qolishini ta’minlashga qaratilgan. 

Kelishuv Yevropa Ittifoqi Kengashi va Yevropa parlamenti tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak. Reglament iyul oyi oxirigacha kuchga kirishi mumkin, deya qayd etadi dpa Yevropa Ittifoqidagi manbalarga tayanib. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid