O‘zbekiston | 14:49 / 11.07.2023
8221
5 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi 5 yilda yashillik Buxoroda 37, Toshkentda 33 foizgacha qisqargan

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda shaharlarning kengayishi va buning atrof-muhitga ta’sirini tahlil qildi. Unga ko‘ra, 2017-2021 yillarda eng ko‘p uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida qurilgan. Buning natijasida ayrim shaharlarda yashillik 37 foizgacha kamayib ketgan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘rganishlarida ko‘rsatilishicha, dunyoda shaharlar ikki asosiy usulda, ya’ni tashqi tomonga kengayish – gorizontal yoki yuqoriga o‘sish – vertikal rivojlanadi.

Shaharlar kengayishining 3 xil asosiy ssenariysi bor. Bu – aholi zichligi kamayishi, o‘zgarmasligi va ortishi bilan bo‘lishi mumkin. Birinchi va ikkinchi ssenariylar odatda shahar hududining yon-atrofga kengayishini ifodalaydi. 3-ssenariy bo‘yicha esa shahar vertikal o‘sib, aholi zichligi ortib boradi.

Shaharlar vertikal o‘sishining quyidagi afzalliklari bor:

  • yerdan foydalanishni optimallashtirish;
  • infratuzilmalarga kiritiladigan investitsiyalarni qisqartirish;
  • shaharlar ichida sayohat vaqtini kamaytirish;
  • kishilarning bir joyda jamlanib axborot va bilim almashishini tezlashtirish;
  • yanada barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash.

Shu bilan birga, vertikal o‘sish bilimga asoslangan boshqaruv modellarini qo‘llashni talab etadi.

O‘zbekistonda 2012-2016 yillarda xonadonlar (uy)lar soni 6,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2017-2021 yillarda o‘sish o‘tgan 5 yillikdagidan 3 barobar ortiq –20,3 foiz bo‘lgan. Bu davrda uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida eng ko‘p qurilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2021-2022 yillarda Sardoba, Jondor, Peshku, Xo‘jaobod, So‘x va Bog‘dod tumanlari; Navoiy, Jizzax, Zarafshon, Buxoro va Andijon shaharlarida vertikal o‘sish eng yuqori bo‘lgan.

77ta tuman va shaharlarida jami foydalanishga qabul qilingan uy-joylar maydonida ko‘p xonadonli uy-joylar maydonining ulushi 30 foizdan kam bo‘lgan. Bo‘zatov, Kegeyli, Qorao‘zak, Bo‘ston, Yangiobod, Tomdi, Oltinsoy, Mirzaobod, Sayxunobod tumanlari va G‘ozg‘on, Shirin va Angren shaharlarida ko‘p xonadonli uylar foydalanishga topshirilmagan.

MHTI instituti vertikal shaharlarning noqulay tomonlarini ham tahlil qilgan. Infratuzilma talablari, atrof-muhitga ta’siri va yashash uchun qulaylik nuqtai nazaridan vertikal shaharlar qiyinchilik paydo qilishi mumkin. Masalan, O‘zbekistonda bunday shaharlar aksariyatida bosh reja ishlab chiqilmagan yoki yakuniga yetkazilmagan. Bosh rejasi bor hududlarda ham yer ajratishning rejaga zid ravishda amalga oshirilishi tartibsiz qurilishlarga sabab bo‘lgan va bu davom etyapti. 2021 yilda respublikada 814ta holatda bosh rejaga amal qilinmagani aniqlangan.

Qurilish ishlarining tezlashuvi yashillik darajasiga ham ta’sir qilmay qolmagan. Yashillik 2022 yilda 2017 yildagiga nisbatan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 26 foiz, Yakkasaroyda 23 foiz, Olmazorda 33 foiz, Mirzo Ulug‘bekda 18 foizga qisqargan. Bunday holat respublikaning boshqa hududlarida ham aniqlangan. Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37 foizga kamaygan.

Institut olimlari yashil hududlarning inson salomatligiga ta’siri bo‘yicha olib borilgan xalqaro tadqiqotlarni ham o‘rganib chiqib, yashillikni nega saqlab qolish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini ham berishgan.

O‘rganishlarga ko‘ra, “JAMA Network Open”da chop etilgan tadqiqot natijalari xiyobonlar, jamoat bog‘lari va boshqa yashil maydonlarga keluvchilarning ruhiy salomatligi yaxshilanishini tasdiqlagan. Haftasiga 3-4 marta yashil hududlarda sayr qiluvchilar bir marta yoki undan kam keluvchilarga qaraganda ruhiy salomatlik dorilaridan 33 foiz, qon bosimi dorilaridan 36 foiz va astma dorilaridan 26 foiz kam foydalanishi aniqlangan.

Nature.com saytida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra esa, haftada 2 soatni tabiat qo‘ynida o‘tkazish tashvish yoki depressiyadan xalos bo‘lish, yuqori qon bosimi hamda yurak kasalliklari xavfini kamaytirishda yordam beradi.

Shuningdek, shifokorlar ba’zi dori vositalari o‘rniga tabiatda ko‘proq vaqt o‘tkazishni tavsiya qilmoqda. Yangi Zelandiyada shifokorlar 1998 yilda yashil maydonda o‘tkazish kerak bo‘lgan vaqtni belgilab bergan bo‘lsa, Yaponiyada o‘rmon havosidan nafas olish ekoterapiyaning bir shakli sifatida qo‘llanyapti.

Mavzuga oid