Kreml «g‘alla bitimi» to‘xtatilganini e’lon qildi
Bunga bitimning Rossiyaga taalluqli qismi bajarilmagani sabab qilib ko‘rsatildi.
«G‘alla bitimi»ning amal qilishi 17 iyuldan boshlab tugaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunga Rossiya qo‘ygan shartlar bajarilmagani sabab bo‘lgan.
«Aslida Qora dengiz kelishuvlari bugundan boshlab o‘z kuchini yo‘qotdi. Rossiya prezidenti avvalroq aytganidek, muddat 17 iyulda tugadi. Afsuski, ushbu Qora dengiz kelishuvlarining Rossiyaga tegishli qismi shu paytgacha bajarilmagan, shuning uchun uning amal qilish muddati tugatildi. Shartnomalarning Rossiyaga taalluqli qismi bajarilishi bilanoq, Rossiya bitimlarni amalga oshirishga darhol qaytadi. De-fakto, vaziyat shunday», dedi u.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova, o‘z navbatida, Moskva allaqachon BMT, Ukraina va Turkiyani «kelishuvni uzaytirishga qarshi ekani haqida» rasman xabardor qilganini aytdi. Rossiyaning Ukrainadagi elchisi Boris Grizlov so‘zlariga ko‘ra, Minskda Ukraina tomoniga tegishli nota topshirilgan.
Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT ishtirokida 2022 yil iyul oyida Qora dengiz portlaridan don eksporti bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Uning doirasida Ukraina g‘allasi asosan Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlariga yetkazib beriladi.
Rossiya kelishuvni uzaytirish uchun bir qancha shartlarni ilgari surmoqda. Zarur shartlar qatorida Rossiya hukumati «Rosselxozbank»ni SWIFT tizimiga qayta ulanishi, qishloq xo‘jaligi texnikasi va ehtiyot qismlarini yetkazib berishni qayta tiklash, sug‘urta va qayta sug‘urtalash bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish, portlarga kirishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni ko‘rsatgan.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024