12:20 / 17.07.2023
9024

Turkiya: XVJning Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lishi uchun krediti - olibsotarlik

«Turkiya 10 yildan beri XVJsiz va o‘ta og‘ir davrda o‘zining iqtisodiy jarayonlarini muvaffaqiyatli boshqardi», dedi mamlakat vitse-prezidenti Jyevdet Yilmaz. 

Jyevdet Yilmaz / Foto: Anadolu Agency

Ayrim xalqaro ommaviy axborot vositalarining Anqara Xalqaro valuta jamg‘armasidan (XVJ) 11-13 milliard dollar miqdoridagi kredit evaziga Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishini ma’qullagani haqidagi xabarlari «sof olibsotarlik»dir. Bu haqda Turkiya vitse-prezidenti Jyevdet Yilmaz 17 iyul, dushanba kuni ertalab chop etilgan TRT Haber turk internet nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«2013 yilda janob prezident ATP (Adolat va taraqqiyot partiyasi) davrida XVJ bilan munosabatlarga nuqta qo‘ydi, o‘shanda haqiqatan ham kuchli iroda ko‘rsatdi va shu ma’noda barcha qarzlarni to‘ladi. O‘shandan beri Turkiya 10 yil davomida XVJsiz yashadi va o‘ta og‘ir davrda o‘zining iqtisodiy jarayonlarini muvaffaqiyatli boshqardi.Turkiya buni kelajakda ham davom ettiradi. Bu ma’noda bizda hech qanday izlanish, kun tartibi yo‘q», - dedi Yilmaz tegishli savolga javob berib. 

AQSh prezidenti Jo Baydenning Turkiyaga Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasini ma’qullash uchun XVJ kreditini va’da qilgani, xususan, Turkiyaning Yenicag internet nashri 14 iyul kuni yozdi, nashr bu haqda amerikalik tadqiqotchi jurnalist Seymur Xersh gapirganini bildirgan.

Yaqin vaqtgacha Turkiya mamlakatda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan Kurd ishchilar partiyasiga (KIP) nisbatan ijobiy munosabatini tanqid qilib, Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishiga to‘sqinlik qilgan edi. 

Biroq 10 iyul kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni mamlakat parlamentiga yuborishga va uning ratifikatsiya qilinishini ta’minlashga roziligini ma’lum qildi. 

Besh kundan so‘ng, 15 iyulda Turkiya prezidenti ma’muriyatining kommunikatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Fahrettin Altun Middle East Eye onlayn-jurnalida maqola e’lon qildi va unda Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga kirishini «Anqara va NATO uchun g‘alabali qadam» deb atadi. Sharq va G‘arb o‘rtasidagi geografik quruqlik ko‘prigi va Qora dengizga olib boradigan suv yo‘llarini nazorat qilayotgan Turkiya uchun «g‘arbiy lagerda bo‘lish juda muhim», dedi Altun. 

Top