Jahon | 08:56 / 19.07.2023
12896
2 daqiqa o‘qiladi

Eron kutilmaganda Ukrainaning hududiy yaxlitligini yoqlab chiqdi

Eron har qanday davlatning, jumladan Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi va «urushni siyosiy muloqot orqali tugatish zarurligini ta’kidlaydi». Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyon ma’lum qildi, deya xabar beradi IRNA Eron davlat agentligi. 

Foto: IRNA

Shu bilan birga, u Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi bilan strategik muloqot yakunlari bo‘yicha Rossiya yakuniy deklaratsiyani imzolaganidan yana bir bor noroziligini bildirdi, unga, Abdullohiyyonning so‘zlariga ko‘ra, «Eronga qarshi band kiritilgan». 

Hujjatda Eron o‘ziniki deb hisoblagan Ormuz bo‘g‘ozidagi uchta orol (Abu Muso, Katta Tunb va Kichik Tunb) bo‘yicha kelishmovchilikni bartaraf etish bo‘yicha Birlashgan Arab Amirliklarining tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan. 

«Rossiya elchisi TIVga chaqirilganidan keyin bizda Rossiya rasmiylaridan tushuntirishlar bor edi, ammo biz ularni yetarli deb hisoblamaymiz va Rossiya yoki boshqa tomondan Eronning hududiy yaxlitligi bo‘yicha bu amaliyot takrorlanishini qabul qilmaymiz», - dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi rahbari.

Eron Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda faol foydalanilayotgan dronlarni yetkazib beradi. Shu tariqa, AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil avgustidan 2023 yilning mayigacha Rossiya Erondan 400 dan ortiq, asosan, Shahed tipidagi dronlarni qabul qilib olgan va ularning aksariyatidan Ukraina muhim infratuzilmasiga zarba berishda foydalangan. 

«Rossiyaga ushbu uchuvchisiz uchoqlarni yetkazib berish orqali Eron Ukrainadagi urushga bevosita hissa qo‘shyapti», - deya ta’kidladi Vashington. 

Mavzuga oid