Jahon | 08:26 / 20.07.2023
7224
2 daqiqa o‘qiladi

Amnesty: 21 mingdan ortiq rossiyalik urushni tanqid qilgani uchun jazolandi

Amnesty International tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, minglab rossiyaliklar urushga qarshi pozitsiyasi uchun jarima yoki qamoq jazosiga tortilgan. 

Foto: Contributor/Getty Images

Birgina 2022 yilda Rossiyada 21 mingdan ortiq odam urushga qarshi pozitsiyasi uchun jazolandi. Bu haqda Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining 20 iyul, payshanba kuni chop etilgan yangi hisobotida aytiladi

«Rossiyada norozi fikrlilarni bostirish keng qamrovli. Bir qator chora-tadbirlar Rossiya urushiga qarshi tanqidiy ovozlarni o‘chirishga qaratilgan», - deydi huquq himoyachilari. Hisobotda Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urushni qoralaganlarni qanday bostirishi tahlil qilingan, shuningdek, Rossiyada urushga qarshi harakatni bostirish uchun qo‘llaniladigan qonunlar va amaliyotlar ko‘rib chiqilgan. «Ushbu tizimdagi o‘ta adolatsiz jarayonlar qamoq va katta jarimalarga olib keladi», dedi Amnesty International tashkilotining Germaniyadagi bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Yuliya Duxrov. 

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada urushga qarshi pozitsiyasi uchun ta’qibga uchraganlarning aksariyati jarimaga tortilgan, ulardan 2307 nafari hibsga olingan. Tadqiqotda aytilishicha, 150dan ortiq odam «armiya haqidagi feyklar» va Rossiya qurolli kuchlarini «takroriy obro‘sizlantirish» haqidagi moddalar bo‘yicha jalb qilingan. Rossiyada qabul qilingan repressiv qonunlar mualliflar tomonidan «absurd» deb atalgan.

Bundan tashqari, Amnesty rossiyaliklar lagerlarga hukm qilingan holatlarni hujjatlashtirgan, tashkilot endi ularni siyosiy mahbuslar deb hisoblaydi. Huquq faollari Rossiya hukumatini urushga qarshi pozitsiyasi uchun hibsga olinganlarning barchasini ozod qilishga va repressiv qonunlarni bekor qilishga chaqirdi. 

Mavzuga oid