Jahon | 11:27 / 20.07.2023
10057
3 daqiqa o‘qiladi

«Dojd»: Belarusda ukrainalik bolalar g‘oyib bo‘lyapti

Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan hududlardan Belarusga dam olish uchun olib ketilgan ukrainalik bolalarning bir qismi Rossiyada yo‘qolyapti. Huquq himoyachilari allaqachon 16 nafar ukrainalik yetim bolaning shaxsini aniqlagan, deb xabar berdi «Dojd» telekanali. 

Foto: flot2017

Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlaridan bolalar Belarusdagi sog‘lomlashtirish lagerlariga «ta’tilga» jo‘natilyapti, biroq hammasi ham ortga qaytmayapti, ba’zilari Rossiya hududida g‘oyib bo‘lyapti, deya xabar berdi muxolifatdagi Inqirozga qarshi xalq boshqaruvi rahbari va Belarusning o‘tish davri qo‘shma vazirlar mahkamasi vakili Pavel Latushko 19 iyul, chorshanba kuni «Dojd» telekanaliga bergan intervyusida.

«Oxirgi ma’lumotlar Ukrainaning egallab olingan hududiga qaytmagan yetim bolalarga tegishli. Ular g‘oyib bo‘lgan, ya’ni Rossiya hududida izi yo‘qolgan. Ularning hozir qayerda ekani haqida boshqa ma’lumot bera olmaymiz», - deydi Latushko. U qancha ukrainalik bolalar shu tarzda g‘oyib bo‘lgan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi.

Muxolifatdagi siyosatchiga ko‘ra, huquq himoyachilari Belarusga olib ketilgan ukrainalik bolalarni yuzlaridan aniqlayapti. Bugungi kunga qadar ular 16 nafar yetim bolaning shaxsini aniqladi. «Ammo bu faqat boshlanishi. Afsuski, ularning soni ikki yuzga yaqin bo‘lishi mumkinligini aytishimiz mumkin», - dedi Latushko.

Anneksiya qilingan hududlarning Rossiya tomonidan tayinlangan «hokimiyatlari» mehribonlik uylaridagi yetim bolalar reabilitatsiya qilish uchun Belarusga olib ketilayotganini da’vo qilmoqda. Iyun oyida Rossiya va Belarus ittifoq davlati kotibi Dmitriy Mezensev qo‘shib olingan «DXR» va «LXR»dan 2000dan ortiq bolalar ota-onalari yoki vasiylarining roziligi bilan Minsk viloyatidagi sanatoriyga dam olishga ketganini aytdi.

18 iyul kuni Yevroparlament deputatlari Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni hibsga olishga order berish talabi bilan Haagadagi Xalqaro jinoiy sudga (XJS) murojaat qildi. Yevroparlamentning xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan hujjatda Ukrainaga yetkazilgan zarar va uning hududida sodir etilgan jinoyatlar uchun Belarus mas’ul ekani aytiladi. Bundan tashqari, Yevroparlament deputatlari ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda Lukashenko rejimining roliga ishora qilgan. 

17 mart kuni Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. U hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda gumonlangan. Xuddi shunday order Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha vakolatli vakili Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan. 

Mavzuga oid