O‘zbekiston | 14:40 / 21.07.2023
38464
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «novostroyka»ga pul to‘lab kuyganlar bosh vazir bilan uchrashdi

Ular hukumat binosi oldida yig‘ilgan. Bosh vazir Abdulla Aripov fuqarolar bilan uchrashgan. Toshkent shahar prokurori Erkin Yo‘ldoshev ham shu yerda.

Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Izzat ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan uylardan sotib olib, pullariga kuyib qolgan fuqarolar hukumat binosi oldida yig‘ildi.

Ular bilan shaxsan bosh vazir Abdulla Aripov suhbatlashgan. Bosh vazirga Toshkent shahar prokurori Erkin Yo‘ldoshev hamrohlik qilgan.

Kun.uz bilan bog‘langan fuqarolardan birining aytishicha, bosh vazir shu yil 24 iyulga qadar qaror chiqarilishi, bank hisobiga o‘tgan barcha 600 dan ortiq xonadonlar egalariga qaytarilishini aytgan.

Tez orada aholini rozi qilish uchun barcha choralar ko‘rilishini ta’kidlangan.

Bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatov telegram-kanalida xabar qilishicha, qabul yakunida ular bilan navbatdagi yakuniy uchrashuv joriy yil avgust oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilishi ma’lum qilingan.

Bundan oldinroq «AZIYA INVEST FAVORIT» MChJ bilan Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Izzat ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan uylardan birini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qilib, oradan bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay qurilish ishlari hali boshlanmaganidan shikoyat qilishgandi.

Ularning aytishicha, MChJ rahbari qamoqqa olingan bo‘lib, ishchi-xodimlar pullarini qaytarishni talab qilib borganlarga firma yopilganini aytishgan. Fuqarolar ko‘rgan zarar 300 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil qiladi.

Mazkur masala yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligida Hukumat komissiyasi tuzilgandi. Ushbu komissiyaga 20 iyulgacha o‘rganish ishlarini yakunlab, natijasi yuzasidan tegishli xulosa va asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgandi.

Mavzuga oid