Jahon | 08:33 / 21.07.2023
7467
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina madaniyat vaziri iste’foga chiqdi

Amaldor vazir lavozimini Ukrainada urush davrida madaniy loyihalarga sarflangan mablag‘ haqida qizg‘in muhokamalar fonida tark etyapti.

Aleksandr Tkachenko / Foto: Getty Images

Ukraina madaniyat va axborot siyosati vaziri Aleksandr Tkachenko o‘z lavozimini tark etish haqida ariza berdi. «Men bosh vazirga (Denis Shmixal) urush davrida madaniyatning ahamiyati haqidagi noto‘g‘ri tushunish to‘lqini tufayli iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza olib keldim», — deb yozdi u 21 iyul, jumaga o‘tar kechasi Facebook’dagi sahifasida.

20 iyul kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh vazir Denis Shmixalga Tkachenkoni ishdan bo‘shatib, bu lavozimga boshqa shaxsni tayinlashni taklif qildi. Zelenskiyning qarori oldidan Ukrainada keng ko‘lamli urush davrida budjet mablag‘larini madaniy loyihalarga sarflash qanchalik maqsadga muvofiqligi haqida ommaviy muhokama avj oldi. 

Xususan, Madaniyat vazirligining Kiyevdagi Vatan qalqonidagi sovet ramzlarini Ukraina gerbi bilan almashtirish g‘oyasi 28 million grivnaga tushishi jamoatchilikning turli xil reaksiyasiga sabab bo‘ldi. Gap davlat mablag‘lari haqida emas, balki shaxsiy mablag‘lar haqida bo‘lganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarning Ukraina segmenti nima uchun ularni Ukraina armiyasi uchun dronlarga emas, balki haykalni yangilashga sarflash rejalashtirilganini faol muhokama qildi. Ukraina Madaniyat vazirligining Ukraina xalqi Golodomor-genotsid milliy muzeyi qurilishini yakunlash bo‘yicha rejalariga ham keskin munosabatda bildirildi, buning uchun davlat budjetidan 500 million grivnadan (121 ming yevrodan ortiq) ko‘proq mablag‘ ajratish kerak edi. Tkachenko Ukrainada urush tugashini kutmasdan teleseriallar ishlab chiqarishni jonlantirish niyati uchun ham tanqid qilindi. 

Zelenskiy vazirni iste’foga chiqarish haqidagi qarorga izoh berar ekan, shunday deb ta’kidladi: «Muzeylar, madaniyat markazlari, ramzlar, teleko‘rsatuvlar - bularning barchasi muhim, ammo hozir boshqa ustuvorliklar bor. Budjetdan tashqari jamg‘armalarni toping. Davlatning pulini emas». Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, «odamlar budjet mablag‘lari adolatli va to‘g‘ri sarflanayotganini his qilishi kerak. Yo‘l toshlari, shaharlarni bezash, favvoralar keyin ham qurilaveradi. Avval g‘alaba». 

Tkachenko, o‘z navbatida, urush davrida «madaniyatga shaxsiy va davlat mablag‘larini sarflash dronlardan kam ahamiyatga ega emas»ligini, chunki «madaniyat milliy o‘zlik va chegaralar qalqoni» ekanligini ta’kidladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid