O‘zbekiston | 18:30 / 22.07.2023
19934
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida «narkolaboratoriya» tashkil qilgan shaxslar ushlandi

Sintetik giyohvandlik vositalarni tayyorlashda ishtirok etgan 43 yoshli erkak va 21 yoshli ayol qo‘lga olindi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida yashirin «narkolaboratoriya» tashkil qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 40 yoshli fuqaro gumonlanib, tekshirilganda yonida 0,36 gramm «mefedron» sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, turli hajmdagi idishlarda kimyoviy, o‘tkir hidli suyuqliklar, yarimtayyor va tayyor holdagi sintetik giyohvandlik vositalari hamda ularni tayyorlashda foydalanilgan texnik vositalar topilgan.

Tadbir davomida ushbu vositalarni tayyorlashda ishtirok etgan 43 yoshli erkak va 21 yoshli ayol ham qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid