Jahon | 10:27 / 25.07.2023
7581
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yana Yapon dengiziga ballistik raketalar uchirdi

KXDR tomonidan uchirilgan ikkita ballistik raketa taxminan 400 km masofani bosib o‘tib, dengizga qulagan, deb xabar berdi Janubiy Koreya harbiylari.

Foto: NDTV

Pxenyan Yapon dengiziga ballistik raketalar uchirishni davom ettirmoqda, bu AQSh suvosti kemasi Janubiy Koreyaning Pusandagi harbiy bazasiga yaqinda kelganidan keyin tez-tez kuzatilmoqda. 24 iyul, dushanba kuni kechqurun KXDR tomonidan Yapon dengizi tomon ikkita raketa uchirildi, deb xabar bermoqda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib.

Seul ma’lumotlariga ko‘ra, uchirilgan raketalar dengizga tushishdan oldin taxminan 400 km masofani bosib o‘tgan. KXDRdan snaryadlarning uchirilishi so‘nggi yetti kun ichida kamida uchinchisi bo‘ldi – Pxenyan shu kunlarda Yapon dengizi tomon ballistik raketalarni ham, qanotli raketalarni ham qarama-qarshi yo‘nalishda, Sariq dengizga qarab uchirmoqda. 

18 iyul kuni Janubiy Koreya va AQSh Seulda yadro masalalari bo‘yicha qo‘shma maslahat guruhining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shu bilan birga, 1981 yildan beri birinchi marta Amerikaning yadroviy suv osti kemasi - USS Kentucky Janubiy Koreyaga yetib keldi. 

Shimoliy Koreya mudofaa vaziri Kan Soon Namning aytishicha, suvosti kemasining Janubiy Koreya Pusan portiga kelishi «KXDR yadroviy kuchlari to‘g‘risidagi qonunda belgilangan yadro qurolidan foydalanish shartlariga tegishli bo‘lishi mumkin». 

Shimoliy Koreya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlar AQSh harbiylaridan biri demilitarizatsiya zonasiga tashrifi chog‘ida, Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra,  «ataylab va ruxsatsiz» Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tganidan so‘ng yomonlashgan. Shundan so‘ng, 23 yoshli ikkinchi darajali oddiy askar Trevis King Shimoliy Koreya rasmiylari tomonidan hibsga olingani aytilmoqda. Shu bilan birga, Pxenyan Vashingtonning askar taqdiri haqidagi so‘rovlariga javob bermadi. 

Mavzuga oid