Jahon | 10:46 / 27.07.2023
6705
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova Rossiya elchixonasining 45 xodimini chiqarib yuboryapti

Rossiya diplomatlari sonining qisqarishiga Moldovani beqarorlashtirishga urinishlar sabab bo‘ldi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Niku Popesku. Avvalroq OAV Rossiya elchixonasi tomidagi josuslik tizimlari haqida xabar bergan edi.

Moldovadagi Rossiya elchixonasi / Foto: Valery Sharifulin / TASS

Moldova Respublikasi «ko‘p sonli dushmanlik harakatlari tufayli» 45 nafar rossiyalik diplomat va elchixona xodimlarini mamlakatdan chiqarib yuborishini e’lon qildi. 26 iyul, chorshanba kuni Rossiya elchisi Moldova TIVga chaqirildi va qaror haqida xabardor qilindi. Natijada, «mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinadiganlar kamroq bo‘ladi», dedi tashqi ishlar vaziri Niku Popesku. Rossiya elchixonasi xodimlari 15 avgustgacha Moldovani tark etishi kerak.

Avvalroq shu kuni ertalab Moldova hukumati Rossiya elchixonasi xodimlari sonini qisqartirishi ma’lum bo‘lgan edi. Moldovadagi beqarorlikka urinishlar munosabati bilan shunday qaror qabul qilindi, dedi TIV rahbari Popesku chorshanba kungi hukumat yig‘ilishida. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil davomida Moldova «Rossiyaning dushmanlik harakatlari obekti bo‘lib kelgan, uning muhim qismi Rossiyaning Kishinyovdagi elchixonasi orqali amalga oshirilgan». «Men elchixona binosida antennalarning haddan tashqari ko‘pligi haqida ma’lumot ko‘rdim. Diplomatik xizmatlar yaxshi munosabatlarga e’tibor qaratishi muhim, biroq diplomatik xodimlarning bir qismi mamlakatimizni beqarorlashtirish harakatlariga jo‘natilgan», - deya qo‘shimcha qildi vazir.

Ikki kun oldin Kishinyov markazida joylashgan Rossiya elchixonasi binolarida ko‘p sonli antennalarga ishora qiluvchi jurnalistik surishtiruv e’lon qilindi. Jurnal TV va rus tilidagi The Insider nashri xabariga ko‘ra, Rossiya diplomatik missiyasi tomida josuslik maqsadida foydalaniladigan ma’lumotlarni qabul qilish uchun murakkab tizimlar o‘rnatilgan.

Materialda ta’kidlanishicha, Kishinyovdagi Rossiya elchixonasi va qo‘shni xodimlar yashaydigan binoning tomida 28 ta antenna, uzatish va qabul qilish moslamalari o‘rnatilgan. «Bu antennalar soni bo‘yicha rekordchi bo‘lgan Belgiyadagi Rossiya elchixonasinikidan ancha ko‘pdir. «Dose» markazi ta’kidlaganidek, u yerda 17 ta, Kishinyovda esa bundan 11 taga ko‘p antenna o‘rnatilgan», — deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid