Niderlandiya yaqinida bortida 3 ming avtomobil bo‘lgan kema yonib ketdi
Shimoliy dengizda niderlandlarning Ameland oroli yaqinida yuk kemasi yonib ketdi, uning bortida 3 ming atrofida avtomobillar, jumladan elektromobillar bor edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga elektromobillardan biri alanga olishi sabab bo‘lgan, natijada ekipaj a’zolaridan biri halok bo‘lib, 22 kishi jabrlangan.
Shimoliy dengizda bir vaqtning o‘zida bir necha qutqaruv va buksir kemalari ishtirokidagi amaliyot qizg‘in davom etmoqda, ammo mutaxassislar yuk kemasidagi yong‘in yana bir necha kun davom etishidan xavotirlanmoqda.
Yonayotgan kema bortini sovitish uchun buksirlardan suv sepilmoqda, ammo uni cho‘ktirib yubormaslik uchun bu ish o‘ta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilmoqda.
Ekipaj a’zolari olovni mustaqil o‘chira olmasligi ayon bo‘lganidan keyin, ulardan ba’zilari 30 metr balandlikdan suvga sakrashiga to‘g‘ri kelgan.
«Ular birin-ketin suvga sakray boshladi, biz ularni tutib olishimiz kerak bo‘ldi, — degan jurnalistlarga Ameland orolidan kelgan qutqaruv kemasi kapitani Uillard Molenaar. — Ular ilojsiz holatda edi, suvga sakrashdan boshqa yo‘l yo‘q edi».
Panama bayrog‘i ostida harakatlanuvchi Freemantle Highway kemasi seshanba kuni Germaniya shimolidagi Bremerhafen portidan yo‘lga chiqib, Misrning Port-Said shahri tomon suza boshlagandi.
Ammo tunda, Ameland orolidan taxminan 30 km shimolda elektromobillardan birining batareyasi alanga olgan.
Yong‘in juda tez tarqalgan va halokatga uchragan kemani gavjum kema yo‘lidan olib ketish uchun buksir chaqirilgan.
Hozirda kema langar tashlab turibdi, ammo Niderlandiya sohil qo‘riqlash xizmati u qiyshayib va cho‘kib ketishidan xavotirlanmoqda, shu tufayli undagi olovni o‘chirish bilan bir vaqtda uni suv yuzasida ushlab qolish choralari ko‘rilmoqda.
O‘tgan yili ham Azor orollari hududida 4 ming dona lyuks toifasidagi avtomobillarni tashib ketayotgan Felicity Ace kemasida yong‘inn chiqqandi.
O‘shanda ham mashinalardan birining litiy batareyasi olovlangandi, bu esa elektromobillarni tashish xavfi yuqori ekanidan dalolat beradi.
O‘shanda yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan, ammo kema baribir shatakka olib tortib ketish vaqtida cho‘kib ketgandi.
Mavzuga oid
22:02 / 21.11.2024
O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov Niderlandiyada ham elchi etib tayinlandi
13:55 / 18.11.2024
Niderlandiyada o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi
16:38 / 12.11.2024
Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
00:11 / 12.11.2024