Jahon | 10:44 / 27.07.2023
4220
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya Ukrainadan g‘alla eksport qilishda yordam berishga tayyor

Bratislava hukumati Kiyevga Ukraina donini eksport qilishda yordam beradi. Shu bilan birga, Slovakiya buning natijasida o‘z oziq-ovqat bozori zarar ko‘rmasligi kerakligini ta’kidladi.

Foto: AP

Slovakiya Ukrainaga jahon bozoriga g‘alla eksporti bilan shug‘ullanishda yordam bermoqchi, biroq bu o‘z qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat bozoriga zarar keltirmasligi kerak, dedi Slovakiya qishloq xo‘jaligi vaziri Yozef Biresh 26 iyul, chorshanba kuni davlat matbuotiga bergan intervyusida.

Biresh muammoning yechimini birdamlik yo‘laklari deb atalmish – Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasidagi avtomobillar, temiryo‘llar va daryolar bo‘ylab xavfsiz savdo yo‘llarida ko‘ryapti. Shu bilan birga, vazir bunday eksport nisbatan qimmatroqqa tushishini tan oldi. 

«Slovakiya transport sharoitlarini har tomonlama soddalashtirish va g‘alla eng kerakli joyga yetib borishiga ishonch hosil qilish uchun Ukrainaga infratuzilma sohasida maksimal yordam ko‘rsatishga intilmoqda», — dedi Biresh. Litva Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari Kyastutis Navitskas ham Ukrainaga don eksport qilishda yordam berishni taklif qildi. 

23 iyul kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqiga videomurojaat bilan murojaat qilib, Yevropa davlatlarini Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun o‘z bozorlarini ochishga chaqirdi. U Ukrainaga besh qo‘shni davlat - Polsha, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya va Bolgariya Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilish muddati 15 sentabrda tugaydigan taqiqni uzaytirmoqchi ekanidan noroziligini bildirdi. 

Yozef Biresh ushbu Yevropa Ittifoqi davlatlarining pozitsiyasini tushunishga chaqirdi. Slovakiya bu yozda yaxshi ob-havo tufayli besh yillik rekord darajadagi g‘alla hosilini kutmoqda, biroq uning omborlari hali ham avval qabul qilingan Ukraina doniga to‘lib ketganidan xavotirda. Slovakiya, shuningdek, o‘z donini sotish uchun juda cheklangan imkoniyatlardan xavotirda, chunki uning mahsulotlari Ukrainanikiga qaraganda ancha qimmat. Slovakiyalik fermerlar bir necha oy davomida ko‘plab fermer xo‘jaliklarining bankrot bo‘lish xavfi haqida ogohlantirmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid