Isroilda sud islohotiga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda
Sud islohoti doirasidagi birinchi qonun loyihasi qabul qilinganidan ikki kun o‘tib, minglab odamlar yana Tel-Aviv ko‘chalariga chiqdi.
Isroilda 27 iyul, payshanba kuni sud islohotiga qarshi ko‘cha namoyishlari qayta boshlandi, islohotning birinchi qismi bir necha kun avval mamlakat parlamenti tomonidan ma’qullangandi. Minglab odamlar Tel-Avivdagi hukumat binolari oldida to‘plandi.
Isroil televideniyesining 13-kanaliga ko‘ra, namoyishchilar demokratiyani qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar aytib, mamlakat bayroqlarini ko‘targan. Shu bilan birga, politsiya 800 ga yaqin xodimni hukumat kvartaliga olib kelib, aksiyaga oldindan tayyorgarlik ko‘rdi. Bundan tashqari, mavzeda nazorat-o‘tkazish punktlari va sim to‘siqlar o‘rnatildi.
Sud islohotiga qarshi norozilik namoyishlari ikki kunlik sukutdan keyin yana boshlandi. Islohot bo‘yicha birinchi qonun loyihasi 24 iyul kuni Isroil parlamenti (Knesset) tomonidan ma’qullangan va shu kuni noroziliklarga sabab bo‘lgan edi. Politsiya tayoqlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan holda shafqatsiz qo‘lga olishlar bilan javob berdi, deb yozadi AFP axborot agentligi. 13-kanal qayd etishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari maxsus vositalardan foydalanganlik ayblovlarini rad etdi.
24 iyul kuni Knesset tomonidan qabul qilingan sud islohotlari paketidagi birinchi qonun loyihasi Oliy sudning hukumat tomonidan qabul qilingan qarorlarni bekor qilish vakolatini cheklaydi. Muxolifatdagi parlamentariylar qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berishni boykot qildi, hukmron koalitsiyaning 64 deputati uni yoqlab chiqdi. Hujjatni qabul qilish uchun bu yetarli bo‘ldi. Islohot tanqidchilari fikricha, tuzatishlar hukumatni nazorat qilishning eng samarali mexanizmlaridan birini olib tashlash orqali hokimiyatni suiiste’mol qilish imkoniyatlarini yaratadi.
Mavzuga oid
09:20 / 31.10.2024
Iroq o‘z havo hududi Isroil tomonidan buzilgani yuzasidan BMTga shikoyat qildi
21:21 / 30.10.2024
«Hizbulloh»ning yangi rahbari Nasrullohning yo‘lini davom ettirishga va’da berdi
17:04 / 30.10.2024
«Dahshatli voqea». AQSh yana o‘nlab kishi o‘ldirilishi ortidan G‘azodagi urushni yakunlashga chaqirdi
14:31 / 29.10.2024