Jahon | 10:45 / 28.07.2023
8484
2 daqiqa o‘qiladi

Sanksiyalar tufayli BRICS banki Rossiyada yangi loyihalarni rejalashtirmayapti

Rossiya hammuassisi bo‘lgan Yangi taraqqiyot banki Rossiya Federatsiyasidagi yangi loyihalardan voz kechdi. Bank rahbari Dilma Russeff buni amaldagi sanksiyalar bilan izohladi. 

Foto: moscowtimes

BRICS mamlakatlari tomonidan yaratilgan Yangi taraqqiyot banki (YaTB) Rossiyada yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmaydi, chunki u moliya va kapital bozorlarida o‘rnatilgan cheklovlarga muvofiq ishlaydi. Bu haqda 26 iyul, chorshanba kuni uning rahbari Dilma Russeff ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters. 

Bank veb-saytida e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, «Rossiyada yangi YaTB operatsiyalarini muhokama qilish bo‘yicha har qanday spekulyatsiya asossizdir». 

Russeff shu kuni kechqurun Sankt-Peterburgda Rossiya-Afrika sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv mavzusini «bo‘lajak BRICS sammitidagi YaTB roli» deb atagan. 

Rossiya 2014 yilda tashkil etilgan va bir yildan so‘ng ishga tushirilgan BRICS Yangi taraqqiyot bankining hammuassisi edi. YaTB shtab-kvartirasi Shanhayda joylashgan. 

Ukrainada to‘liq miqyosli harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasiga nisbatan Rossiyadagi har qanday loyihalarni moliyalashtirish yoki sug‘urtalashni amalda taqiqlovchi qattiq iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar joriy etildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid