O‘zbekiston | 12:28 / 28.07.2023
4160
2 daqiqa o‘qiladi

Ekopartiya Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida daraxtlar kesilishi ehtimolini o‘rganadi

Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida yo‘l qurilishi loyihasida 51 mingga yaqin daraxtlar kesilishi mumkinligi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi mavjud holatni to‘la o‘rganib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari, olim va mutaxassislar bilan hududga jo‘nab ketishdi. Bu haqida partiya axborot xizmati xabar berdi.

Foto: KUN.UZ

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hududida qurilishi rejalashtirilgan xalqaro avtomobil yo‘li loyihasida Surxondaryo viloyati hududida 21,8 mingta, Buxoroda 28,9 mingta, ya’ni qariyb 51 mingga yaqin daraxtning kesilishiga olib kelishi mumkinligi jamoatchilikning keskin e’tirozini keltirib chiqardi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi axborot xizmati ushbu holat o‘rganilishini ma’lum qildi.

 “Bugungi kunda respublikamizda atrof muhit qay ahvolda ekanligi, har bir tup daraxtning nechog‘lik ahamiyatliligini barcha ekologlar, jamoatchiligimiz to‘la tushunib yetgan.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mavjud holatni to‘la o‘rganib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari, olim va mutaxassislarni jalb qilgan holda hududga jo‘nab ketishdi.

Biz o‘rganish natijalari bo‘yicha jamoatchiligimizni hamda ekofaollarimizni albatta xabardor qilamiz. Daraxtlarni saqlab qolish, atrof muhitimizga xavf soladigan barcha holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha davlat organlariga o‘z takliflarimizni beramiz va nazoratimizga olamiz” deyiladi xabarda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid