Jahon | 23:17 / 29.07.2023
11093
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina artilleriyasi Shimoliy Koreya snaryadlaridan foydalanmoqda – OAV

Ular Rossiya qo‘shinlaridan harbiy texnika bilan birga tortib olingan bo‘lishi mumkin.

Foto: Serhii Mykhalchuk/Global Images Ukraine/Getty Images

Ukraina artilleriyasi Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan snaryadlardan foydalanmoqda, deb yozdi Financial Times. Xususan, bunday o‘q-dorilarni Baxmut hududida jang qilayotgan harbiy xizmatchilar jurnalistlarga ko‘rsatgan. Ularning ta’kidlashicha, snaryadlar Ukrainaga «do‘stona» davlat tomonidan topshirilgan va ularni qandaydir kemadan «qo‘lga kiritishgan». FT suhbatdoshlari boshqa tafsilotlarni keltirmadi.

Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Yuriy Sak so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiylari Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan o‘q-dorilarni Rossiya qo‘shinlaridan harbiy texnika bilan birga tortib olgan bo‘lishi mumkin.

«Rossiya turli qabih davlatlardan har xil turdagi o‘q-dorilarni sotib oldi, jumladan, Eron va Shimoliy Koreyadan», dedi Sak.

FT ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol yetkazib bergan bo‘lishi dargumon, chunki KXDR rejimi Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Belgilarga ko‘ra, bu snaryadlarning aksariyati 1980- va 1990-yillarda ishlab chiqarilgan. Harbiylar ularning sifatidan norozi, o‘q-dorilar jang paytida otilmay qoladi yoki portlab ketadi.

Artilleriyachi jangchilardan birining aytishicha, Shimoliy Koreya snaryadlari otilayotganda «Grad» raketa qurilmasiga yaqinlashmagan ma’qul. Chunki ular «ishonchli emas va ba’zan aqldan ozgan ishlarni qiladi».

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid