O‘zbekiston | 13:48 / 30.07.2023
27591
3 daqiqa o‘qiladi

Kogon tumani IIB xodimi 1300 dollar bilan ushlandi

DXX o‘zgalarning pullarini o‘zlashtirishga uringan IIB, soliq, Milliy gvardiya xodimlarini qo‘lga oldi.

Foto: Videodan kadr

Buxoro viloyati Kogon tumani ichki ishlar bo‘limi xodimi fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlariga kelib tushgan arizani o‘zining vakolatli hamkasblari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 1300 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

  • 28 iyun kuni Farg‘ona viloyatida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda jinoyatchilikka qarshi kurashishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan o‘ndan ortiq tuman IIB boshliqlari ishdan olingandi, ular orasida Kogon tumani IIB boshlig‘i Umidjon Hasanov ham bor edi.

Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Davlatobod tumani davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori mas’uliyati cheklangan jamiyatning moliyaviy faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida MChJga 383 mln. so‘mlik foyda solig‘i qo‘shimcha hisoblangani va ushbu pul mablag‘i MChJ tomonidan to‘lanishi kerakligini aytadi.

Lekin, u soliq hisobotlariga o‘zgartirishlar kiritish orqali ushbu summani bartaraf etib berish evaziga MChJ vakilidan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
 
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Milliy gvardiyaning Andijon viloyati qo‘riqlash boshqarmasi Andijon tuman bo‘limi safdor xodimi yuqori lavozimda ishlovchi hamkasblari orqali fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga harbiy xizmatchi sifatida ishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Videodan kadr

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avvalroq Navoiy viloyati Tomdi tumanida IIB inspektori oltin qazib olish uchun sharoit yaratib berish evaziga fuqarodan 30 ming dollar talab qilib, 15 ming dollar olgan vaqtida ushlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid