Jahon | 23:08 / 31.07.2023
8611
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda Ukrainadan Rossiyaga 700 mingdan ortiq bola ko‘chib o‘tdi 

Ularning ko‘pchiligi ota-onasi bilan kelgani aytildi. 

Foto: Getty Images

2022 yil fevral oyidan beri Rossiya Ukrainadan 4,8 millionga yaqin aholini qabul qildi. Ulardan 700 mingdan ortig‘i bolalar va ularning ko‘pchiligi ota-onasi bilan keldi. Bu haqda Rossiya bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belova hisobotida (.pdf) aytiladi. 

Rossiyaga kelganlar orasida yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun mo‘ljallangan muassasalarning 1,5 ming nafar tarbiyalanuvchisi ham bor, ularning qonuniy vakillari ushbu muassasa direktori hisoblanadi. 

Qayd qilinishicha, Donetskdan kelgan 288 nafar bola Rossiya oilalariga vasiylikka berilgan. Luganskdan kelgan bolalar yana o‘z muassasalariga qaytarilgan. 92 nafari Rossiya homiylik oilalarida vasiylikka berilgan. 

Shuningdek, Lvova-Belova so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil yozining oxiri, kuzida «frontdagi og‘ir vaziyat tufayli» Xerson, Zaporijjya, Xarkov viloyatlari va boshqa hududlardagi ota-onalar o‘z farzandlarini ixtiyoriy ravishda Rossiyaga «ta’tilga jo‘natishgan». «Ular hamrohlari bilan birga Qrim va Krasnodar o‘lkasidagi sanatoriylar, dam olish maskanlariga» joylashtirilgan. 

2023 yil 17 mart kuni Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilgani uchun javobgar, degan qarorga keldi. Bu harakatlar urush jinoyati sifatida baholanib, uni sodir etganlikda gumon qilingan shaxslarni hibsga olish uchun order berilgan edi. Ushbu orderlar hozir ham kuchini yo‘qotmagan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid