Jahon | 13:03 / 31.07.2023
8484
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon hamjamiyati Nigerda to‘ntarish uyushtirganlarga bosimni kuchaytirmoqda

Foto: AP

G‘arbiy Afrika davlatlari to‘ntarish uyushtirganlarga keng ko‘lamli sanksiyalar bilan tahdid qildi. Ular Nigerning yangi rahbarlariga qarshi kuch ishlatish imkoniyatini istisno etmadi

Jahon hamjamiyati Nigerda harbiy to‘ntarishni amalga oshirganlarga bosimni kuchaytirmoqda. G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) ularga keng ko‘lamli sanksiyalar va kuch ishlatish bilan tahdid qildi. 30 iyul, yakshanba oqshomida e’lon qilingan hamjamiyat bayonotiga ko‘ra, agar to‘ntarishni amalga oshirganlar Nigerning ag‘darilgan prezidenti Muhammad Bazumni bir hafta ichida qo‘yib yubormasa, EKOVAS kuch ishlatishni istisno etmaydigan choralarni ko‘radi. 

26 iyul kuni Niger prezident gvardiyasi qo‘mondoni general Umar Tchiani boshchiligidagi zobitlar guruhi demokratik yo‘l bilan saylangan prezident Bazumni ag‘darib, konstitutsiyaning amal qilishini to‘xtatib, mamlakatning barcha konstitutsiyaviy hokimiyatlarini tarqatib yubordi. Tchiani o‘zini Nigerning yangi rahbari deb e’lon qildi. 

Nigeriya poytaxti Abujada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilish chog‘ida EKOVAS davlatlari to‘ntarishni amalga oshirganlarni Nigerda konstitutsiyaviy tartibni to‘liq tiklashga chaqirdi va ularga qonuniy ta’qib etish bilan tahdid qildi. EKOVAS mamlakatlari va Niger o‘rtasidagi savdo va moliyaviy aloqalar to‘xtatildi, havo va quruqlik chegaralari yopildi. 

EKOVAS, shuningdek, a’zo davlatlarning markaziy banklarini Niger davlat kompaniyalari, shuningdek, davlat to‘ntarishida ishtirok etgan harbiylarning aktivlarini muzlatishga chaqirdi. Nigerga har qanday moliyaviy yordam to‘xtatildi va bu mamlakat bilan har qanday moliyaviy operatsiyalar taqiqlandi. EKOVAS zudlik bilan maxsus vakil tayinlashga va uni Nigerga G‘arbiy Afrika davlatlari hamjamiyatining talablarini yetkazish uchun yuborishga qaror qildi. 

Mavzuga oid