O‘zbekiston | 09:58 / 01.08.2023
4677
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalari miqdori 5 barobar ortdi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Xitoyning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi Yu Jun o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida XXRning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyasi miqdori so‘nggi yillarda 5 barobar ortgani ma’lum qilindi.

Foto: Dunyo

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida davlat rahbarining joriy yil may oyida Xitoyga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq qilish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyati muhokama qilindi.  

O‘zaro savdoni rivojlantirish istiqboli ko‘rib chiqildi. Mahsulot va xizmat almashinuvi 2022 yil 8,92 milliard dollarni, 2023 yil birinchi yarmida 5,6 milliard dollarni tashkil etgani bildirildi. Boshqa choralar bilan bir qatorda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish hisobiga ushbu ko‘rsatkich yanada o‘sishini ta’minlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.  

Xitoyning respublika iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyasi o‘sish sur’ati jadallashib, so‘nggi yillarda 5 barobar ortgani holda 2022 yili 2,2 milliard dollarga yetgani, mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar oshgani qayd etildi.  

Investitsiya sohasida hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va transport sohalarida qo‘shma loyihalar joriy etish holati ko‘rib chiqildi.  

XXR hukumati O‘zbekistonda amalga oshirayotgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni maromiga yetkazish uchun moliyaviy va texnik yordamni kengaytirish imkoniyati, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar tahlil qilindi.  

Mavzuga oid