Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari ishdan olindi
Shuningdek viloyat hokimining ikki o‘rinbosariga hayfsan berilgan, ikki tuman hokimi ishdan ketgan.
Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev ishdan olindi. Bu haqda prezidentning viloyatga tashrifi doirasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy budjet daromadlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, joriy yilning olti oyida viloyatda 440 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.
Lekin Yangiyo‘l tumani, Bekobod va Chirchiq shaharlarida to‘qimachilik mahsulotlari; Zangiota va Yuqori Chirchiqda elektrotexnika mahsulotlari, Olmaliq shahrida qurilish materiallari eksporti o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
So‘nggi uch yilda viloyatda sanoat hajmi 19 foizga o‘sib, 94 trillion so‘mga yetdi. Lekin ushbu davrda sanoat mahsulotlari Bekobod tumanida 3,6 foizga kamaygan bo‘lsa, Parkentda bor yo‘g‘i 2,6 foizga oshgan.
O‘tgan uch yilda Zangiotaning viloyat sanoatidagi ulushi 8,3 foizdan 3,5 foizga, Angren shahrida esa 7,5 foizdan 4,8 foizga kamaygan.
Joriy yilning olti oyida viloyatda xizmatlar hajmi 7,3 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich Qibray va Yangiyo‘l tumanlarida 1 foizga ham yetmaydi.
Joriy yilda qurilishi reja qilingan 114 ta ko‘p qavatli uy-joylardan bugungi kungacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirildi.
Shu va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, ishlarni lozim darajada tashkil qilmagani uchun:
- Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari M.Fayziyev, Qibray tumani hokimi M.Mirqosimov va Yangiyo‘l tumani hokimi U.Yalgashev hamda ushbu tumanlarning boshqa sektor rahbarlarini (Qibray tumani IIB boshlig‘i Iskandar Rashidov, Qibray tumani prokurori Sanjar Salihov, Yangiyo‘l tumani IIB boshlig‘i Rustam Abdusamatov, Yangiyo‘l tumani prokurori Farrux Abdurahimov) lavozimidan ozod qilish;
- viloyat hokimining sanoat va investitsiyalarga mas’ul o‘rinbosari N.Sharipov, qurilishga mas’ul o‘rinbosari Sh.Mahmudovga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.
Muzafar Fayziyev 2020 yil noyabrida Toshkent viloyati hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
Miragzam Qosimov Qibray tumaniga 2018 yil iyul oyidan buyon rahbarlik qilayotgandi.
U muqaddam Toshkent shahrining Yunusobod tumaniga, keyinroq Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga ham rahbar bo‘lgan.
Ulug‘bek Yalgashev esa 2020 yil fevralida Yangiyo‘l tumaniga hokim bo‘lgandi.
Mavzuga oid
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
14:12 / 15.11.2024
Dilshod Sultonov shahar hokimligidan ham ketdi
08:14 / 14.11.2024