Jahon | 09:51 / 08.08.2023
5214
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kiyevga 200 million dollarga qo‘shimcha qurol jo‘natadi

8 avgust, seshanba kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga 200 million dollar miqdorida harbiy yordam ajratilishini e’lon qiladi, deb xabar bermoqda Reuters AQSh rasmiylariga tayanib. 

Foto: AFP

Bu harbiy texnika tannarxini hisoblashda buxgalteriya hisobidagi xatolik natijasida olingan 6,2 milliard dollarlik birinchi transhdir. 

May oyida Pentagon Kiyevga yetkazib berilgan qurollar narxini oshirib ko‘rsatganini e’lon qilgan va qayta sanash natijasida qo‘shimcha yetkazib berish ehtimoli haqida ogohlantirgandi.

Yangi paketga minalardan tozalash uskunalari, Patriot zenit-raketa komplekslari va Javelin tankka qarshi tizimlari uchun o‘q-dorilar, HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun GMLRS reaktiv snaryadlari, shuningdek, boshqa jihozlar va o‘q-dorilar kiradi, deb yozadi Reuters. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan beri AQSh rasmiylari Kiyevga harbiy, moliyaviy va humanitar yordam sifatida 66,2 milliard dollar yuborgan, deb hisoblab chiqqandi avvalroq The Washington Post. 

Ushbu mablag‘larning katta qismi - 44 milliard dollar harbiy yordam ko‘rinishida taqdim etildi. 

AQShning 2023 yilga mo‘ljallangan mudofaa budjeti (1,77 trillion dollar) fonida bu ko‘rsatkich ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinadi, deya qayd etadi WP. 

Shunga qaramay, AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani boshqa davlatlarga ko‘rsatayotgan yordamidan ancha yuqori, deb yozadi gazeta. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid