Jahon | 08:00 / 08.08.2023
6167
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Gurjistonda Rossiya harbiylarining mavjudligini qoraladi

«2008 yilda xalqaro hamjamiyatning qo‘rqoqlarcha munosabati Kremlni xalqaro qonunlarni yanada buzishga undadi», - deya ma’lum qildi Yevroparlament Rossiyaning Gurjistonga bo‘lgan tajovuzi 15 yilligi munosabati bilan.

Foto: Reuters

Gurjistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish maqsadi har qachongidan ham kuchliroq. Bu haqda 7 avgust, dushanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi. «Biz Rossiyaning Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi harbiy ishtirokini xalqaro huquq va majburiyatlarning buzilishi sifatida qoralaymiz», — dedi u. 

Rossiyaning Gurjistonga qarshi tajovuzining 15 yilligi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi bosh diplomati 2008 yil 12 avgustda Rossiya-Gurjiston urushidan keyin Yevropa Ittifoqi vositachiligida imzolangan olti bandli o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimning to‘liq bajarilishiga erishish uchun Kavkazda xavfsizlik va barqarorlik bo‘yicha xalqaro Jyeneva muzokaralarining barcha ishtirokchilarini konstruktiv muloqotga chaqirdi. Borrel Yevropa Ittifoqi nomidan Gurjiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida qattiq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

U, shuningdek, qochqinlar va ichki ko‘chirilganlarning o‘z uylariga ixtiyoriy, xavfsiz va munosib tarzda qaytish huquqini ta’kidladi. Bryussel ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa aholisi insonparvarlik muammolari va inson huquqlari buzilishi, jumladan, harakat erkinligining cheklanishi va noqonuniy hibslar tufayli azob chekmoqda. 

«Gurjistonning o‘n minglab fuqarolari, millatidan qat’i nazar, Rossiya bo‘yinturug‘i ostida o‘zlarining asosiy huquqlaridan mahrum, qashshoqlikda yashashga majbur», - deyiladi Yevroparlamentning Janubiy Kavkaz bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi rahbari Marina Kalyurand va Gurjiston bo‘yicha ma’ruzachi Sven Mikserning qo‘shma bayonotida. Ular Gurjistonning bosib olingan Abxaziya va Tsxinvali/Janubiy Osetiya hududlarida inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganini qayd etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid