Jahon | 17:40 / 09.08.2023
27943
4 daqiqa o‘qiladi

Moskva yaqinidagi omborxonada kuchli portlash. Asosiy ma’lumotlar

Moskva oblastidagi pirotexnika mahsulotlari saqlanadigan omborxonada kuchli portlash ro‘y berdi. Ko‘plab uylarning oynalari sinib ketgan. O‘nlab odam jarohatlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Moskva shahridan shimoli-sharqda joylashgan Sergiyev Posad shahrida, Zagorsk optika-mexanika zavodiga tutash hududda 9 avgust tongida portlash ro‘y berdi. Qutqaruvchilar bu haqda soat 10:45 da signal olishgan, deb xabar beradi FVVning hududiy boshqarmasi. 1,6 ming kvadrat metr maydonni egallagan omborxona vayron bo‘lgan. 50 kvadrat metr maydonda yong‘in ro‘y bergan. Sergiyev Posadning turli chekkalaridan olingan foto va videolarda osmonga ko‘tarilayotgan quyuq tutun ustuni ko‘rinib turadi. Portlashdan keyin zavod hududidagi barcha binolar va sexlardagi odamlar evakuatsiya qilingan. Voqea joyiga hukumat vakillari, favqulodda xizmatlar va tergovchilar yetib borishgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash tufayli 50 dan ortiq kishi jarohatlangan. Mahalliy rasmiylar jarohatlanganlar soni 52 nafarni tashkil etayotgani, ulardan olti nafari jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgani haqida xabar bergan. Jabrlanganlarning deyarli barchasida oskolkali jarohatlar qayd etilgan. Mahalliy rasmiylar xarobalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, portlash to‘lqini 20 ta ko‘p kvartirali uylarning deraza oynalarini to‘kib tashlagan. Masalan, bu holat zavod atrofidagi o‘ndan ortiq uyda kuzatilgan, ayrim kvartiralarda xonalarni ajratib turuvchi to‘siqlar buzilib ketgan, ofislarda esa shiftlar qulab tushgan, deya xabar qiladi Mash telegram-kanali. «Luch» sport kompleksi, Sergiyev-Posad kolleji va ikki maktab binosi ham shikastlangan. 

Portlash pirotexnika mahsulotlari saqlanadigan omborda sodir bo‘lgan, deb xabar qildi TASS agentligi favqulodda xizmatlarga tayangan holda. Baza nashri yozishicha, portlash «Piro-Ross» pirotexnika kompaniyasining tayyor mahsulotlari saqlangan binoda ro‘y bergan va bu bino 1990-yillardan buyon mazkur kompaniyaga tegishli emas. Portlash pirotexnika omborida ro‘y berganini prokuratura ham tasdiqladi. Rasmiylarga ko‘ra, binodan ijara asosida foydalanilgan. «Piro-Ross» kompaniyasi direktori Sergey Chankayev esa portlash pirotexnika mahsulotlari omborida emas, balki metall quvurlar saqlangan qo‘shni binoda ro‘y berganini aytmoqda. Moskva oblasti gubernatori Adrey Vorobev zavodning optikaga hech qanday aloqasi yo‘qligi va u yerda anchadan buyon pirotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilganini ma’lum qilgan.

Favqulodda xizmatlar telegram-kanallarning portlashga dron zarbasi sabab bo‘lgani haqidagi taxminlarini rad etgan. Ma’lum qilinishicha, portlash sababi «texnologik jarayonlar buzilishi» (RIA Novosti talqini) va «inson omili» (TASS) bo‘lgan.

Tergov qo‘mitasi Sergiyev Posaddagi portlashdan so‘ng sanoat xavfsizligi talablarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi, deb xabar bergan qo‘mitaning Moskva oblasti boshqarmasi. Tergov qo‘mitasidagilar zavodga uchuvchisiz uchar apparat hujum qilgani haqidagi versiya tasdiqlanmaganini bildirgan. Rossiya davlat nashrlariga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan versiyalar orasida — diversiya varianti ham bor.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid