Jahon | 16:38 / 10.08.2023
20581
6 daqiqa o‘qiladi

“Yandeks-taksi” atrofidagi xavotir: “FSB” xorijdagi mijozlarni ham kuzata oladimi?

RFXX “Yandeks” taksi xizmatining Rossiyadan tashqaridagi mijozlari ma’lumotlarini qo‘lga kiritishi mumkin. Norvegiya, Finlandiya, Gruziya va Qozog‘istonning vakolatli organlari bu masala bilan shug‘ullana boshlagan. Kompaniyaning Toshkentdagi rasmiylari Kun.uz'ga RF maxsus xizmatlari O‘zbekistondagi mijozlar haqidagi axborotlarni ola olmasligini bildirdi.

Foto: Vedomosti

Rossiya maxsus xizmatlari tez orada xorijiy davlatlardagi “Yandeks Go” mijozlarining taksi xizmatidan foydalanishdagi shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib “Meduza” nashri xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, bu holat – Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga alohida reyestrdagi taksi xizmatlarining bazalariga kirish vakolati berilishiga oid qonun qabul qilinishi bilan bog‘liq. “Axborot tarqatish tashkilotchilari” deb nomlangan reyestrga Rossiyada joylashgan servislardan hozircha faqat “Yandeks Go” kiritilgan.

“Yandeks” kompaniyasidagi manbaga ko‘ra, bu qonun haqida yangilik paydo bo‘lgach, “Yandeks Go” taksi xizmati ommalashgan davlatlardagi foydalanuvchilar kompaniya koll-markaziga telefon qilib, ularning shaxsiy ma’lumotlari qayerda saqlanishini so‘ray boshlagan. O‘z navbatida, koll-markaz xodimlari menejmentdan bu savollarga qanday javob berish kerakligini so‘ragan. Rahbariyatdan kelgan javobda “Yandeks Go” servisidan foydalanuvchilarning ma’lumotlari Rossiyada saqlanishi ma’lum qilingan, lekin “mijozlar bilan muloqotlarda data-markazlarning hozirgi joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tishdan tiyilish” so‘ralgan.

1 sentabrdan boshlab FXX sutkaning istalgan vaqtida bu ma’lumotlarni olishi mumkin bo‘ladi – bosh vazir Mixail Mishustin allaqachon tegishli qarorni imzolagan, deyiladi xabarda.

“Yandeks”ning taksi xizmati “Yandeks Go” va “Yango” nomlari ostida Rossiyadan tashqari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Belarus, Isroil, Norvegiya, Finlandiya kabi (jami 20 dan ortiq) mamlakatlarda faoliyat yuritadi.

Yuqoridagi xabar fonida Qozog‘istonda Yandex.kz domeni o‘chirib qo‘yildi. Qozog‘iston Raqamli taraqqiyot vazirligi Rossiya kompaniyasidan “huquq-tartibot organlar va maxsus xizmatlar bilan aloqalari” haqida tushuntirish berishni so‘ragan. Gruziya shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi xizmati “Yandeks Go” servisining foydalanuvchilar ma’lumotlarini qayta ishlash jarayoni qonunga muvofiqligini tekshirish uchun o‘rganish ishlarini boshladi. Finlandiya va Norvegiyaning vakolatlari organlari “Yandeks”dan foydalanuvchilarning ma’lumotlarini Rossiyaga uzatishni to‘xtatishni talab qildi.

“Yandeks” taksi xizmati O‘zbekistonga 2018 yilda kirib kelgan. Hozirda Toshkent, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Andijon, Samarqand, Qarshi, Buxoro va Nukus shaharlarida xizmat ko‘rsatadi.

Servisning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, Rossiya huquq-tartibot idoralari foydalanuvchilarning O‘zbekistondagi safarlari haqidagi ma’lumotlarni “ola olmaydi”, chunki xizmat Rossiyadan tashqarida ko‘rsatiladi va bu holatda “Rossiya qonunchiligi O‘zbekistondagi xizmatga va uning foydalanuvchilariga nisbatan qo‘llanmaydi”.

“O‘zbekistondagi foydalanuvchilarga “Yandeks Go” xizmatini ko‘rsatuvchi Gollandiyaning Ridetech International B.V kompaniyasi foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini respublika qonunchiligi va “GDPR” standartlariga muvofiq qayta ishlaydi, shuningdek, sub’yektlarining barcha huquqlarini ta’minlaydi.

Xizmatning Rossiyadan tashqarida ishlashi bilan bog‘liq ma’lumotlarni faqat rasmiy so‘rov orqali va belgilangan xalqaro tartib-qoidalar doirasida so‘rash mumkin.

Kompaniyamiz xavfsizlik siyosatining yuqori standartlariga amal qiladi, bu COC2/3 ma’lumotlarining xavfsizligi, mavjudligi, qayta ishlash yaxlitligi va maxfiyligi to‘g‘risidagi xalqaro jamoatchilik hisoboti bilan tasdiqlangan”, – deyiladi kompaniya bergan rasmiy izohda.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, raqamli operatorlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlashi kerak. Mamlakatda TikTok shu sababli bloklangan. 2021 yil kuzida bu talab Telegram, Instagram va Facebook kabi eng ommabop platformalarga nisbatan ham qo‘llanib, ular bloklanishi ortidan katta ijtimoiy rezonans yuzaga kelgan, natijada cheklov tezda olib tashlanib, qator rahbarlar ishdan olingandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida “Yandeks Go” ustidan turli shikoyatlar ko‘paygach, Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlari bozorini tahlil qilayotgani, “Yandeks Go” ishida bozorda ustunlik belgilari mavjudligini tekshirayotganini ma’lum qilgandi.

Qo‘mita taksi agregatorini monopoliyaga qarshi tartibga solish qiyinligini amaldagi qonunchilik bilan bog‘lagan. O‘tgan davr mobaynida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning raqamli platformalarni ham qamrab olgan yangi tahriri qabul qilindi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021−2022 yillarda O‘zbekistonda “Yandeks Go” xizmatining daromadi 1 trln so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Bu mablag‘dan faqat 32,7 mlrd so‘m soliq undirilgan. Soliq organi buni servis-kompaniya Niderlandiya rezidenti ekani va ikki tomonlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risidagi davlatlararo kelishuvga asosan, kompaniya soliqlarni Niderlandiyada to‘lashi bilan izohlagan.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid