Jamiyat | 21:18 / 10.08.2023
22573
3 daqiqa o‘qiladi

Yodlangan osh tuzi ko‘plab xavfli kasalliklardan himoya qilishi aytildi

Organizmda yod tanqisligi tug‘ma kasalliklar darajasini oshirishi, homila va chaqaloqlarda miyaning tiklanmas shikastlanishi, intellektual salohiyatning pasayishiga olib kelishi mumkin. 

Foto: Getty Images

Osh tuzi yodlangan bo‘lishi shart — bu talab dunyoning ko‘plab mamlakatlarida amalda. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzi aholisining 1/3 qismi organizmda yod tanqisligiga duchor bo‘lgan, ularning 31 foizi maktab yoshidagi bolalar. 

Tibbiyot fanlari doktori Dilorom Tursunova yod tanqisligi keltirib chiqaradigan asoratlar haqida ma’lumot berdi. 

— Bu global muammoning samarali va arzon yechimi sifatida osh tuzini yodlash amaliyotidan keng foydalanilmoqda. Chunki, tanada ushbu moddaning kamayishi endemik buqoq, aqliy zaiflik, perinatal va chaqaloqlar o‘limining ko‘payishiga sabab bo‘ladi, dedi shifokor. 

Bundan tashqari, yod tanqisligi tug‘ma kasalliklar darajasini oshirishi, homila va chaqaloqlarda miyaning qaytarilmas shikastlanishi, intellektual salohiyatning pasayishiga ham olib kelishi mumkin. 

Qayd qilinishicha, organizm uchun zarur miqdordagi yodni turli dengiz mahsulotlarini iste’mol qilish yo‘li bilan ham olish mumkin. Biroq ko‘plab mintaqalar, xususan, Markaziy Osiyoda ham bunday ne’matlar yetishmaydi. 

Shu sababli, O‘zbekistonda «Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Unda davlat standarti talablariga ko‘ra, osh tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 40 gramm miqdorda bo‘lishi belgilangan. 

Sifatli osh tuzining qadog‘ida quyidagilar aks etgan bo‘lishi kerak:

- ishlab chiqargan tashkilot nomi;

- tovar belgisi va mahsulot nomi;

- uning navi va yanchilish darajasi;

- ishlab chiqarilgan sanasi,

- normativ hujjat nomi,

- yaroqlilik muddati,

- yodlash qo‘shimchasi nomi hamda boshqa bir qator ma’lumotlar. 

Osh tuzining saqlanish harorati 28 darajadan oshmasligi lozim. 

Qotib qolgan, nam tortgan, begona hidlarga ega, yaroqlilik muddati o‘tgan, qadoqlari buzilgan osh tuzining foydali xususiyatlari yo‘qolgan bo‘ladi. Bunday mahsulotlarni iste’mol qilmaslik tavsiya qilinadi.  

Osh tuzi — inson tanasiga natriy yetkazib beruvchi yagona ozuqaviy modda. U organizmda qon aylanishi va qon bosimini boshqarish, asab tizimi hamda mushaklar orasidagi uzviy aloqani ta’minlaydi.  

Biroq JSST organizmdagi moddalar almashinuvini me’yorlashtirish uchun yodlangan osh tuzining kunlik iste’molini bir choy qoshiq — 5 grammdan oshirmaslikni tavsiya qiladi.  

Mavzuga oid