O‘zbekiston | 17:42 / 17.08.2023
21088
2 daqiqa o‘qiladi

Bahrom Sharipov qo‘mita rahbarligidan ketdi

U bu lavozimda 2020 yil sentabridan buyon ishlab kelayotgandi. 

Foto: O‘zbekipaksanoat

Bahrom Sharipov Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi. O‘zA xabariga ko‘ra, uning iste’fosi «boshqa ishga o‘tayotgani» bilan bog‘liq.

Bahrom Qurbonovich Sharipov1974 yilda Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida tug‘ilgan. 1996 yili Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti (kunduzgi shakl), 2004 yil Termiz davlat universiteti (sirtqi)ni tamomlagan.

U Termiz shahar va Surxondaryo viloyati «Kamolot» jamg‘armasida turli lavozimlarda, shuningdek, viloyati hokimi yordamchisi, Surxondaryo sanoat, qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish kombinati kotibiyat mudiri — Surxondaryo viloyati «Avtotexizmat» AJ raisi hamda bir qator xususiy kompaniyalar bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan. «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. 

2020 yil sentabrida Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimini egallagandi.

Ushbu mulozim 2023 yil iyunida Kun.uz nashrini sudga bergandi, biroq ko‘p o‘tmay da’vosini qaytarib olgandi.

Uning da’vosiga jurnalist Shokir Sharipovning «Davlat amaldorining ‘ipakdan to‘qilgan’ biznes to‘ri. Soha shaxsiy tomorqaga aylantirilganmi?» sarlavhali surishtiruvi sabab bo‘lgandi. Unda yaqin vaqtlargacha qo‘mita bilan birga «O‘zipaksanoat»ni ham boshqarib kelgan Bahrom Sharipov o‘ziga aloqador ko‘plab kompaniyalar orqali ipak sanoatida shaxsiy biznesni yuritayotgani aytilgan. Maqolada Bahrom Sharipovning biznes tuzilmalari asosini uning turmush o‘rtog‘i hisoblangan Sayyora Sharipova nomiga ochilgan firmalar tashkil qilishi qayd etilgandi.

Mavzuga oid