O‘zbekiston | 18:17 / 17.08.2023
12777
5 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro aeroportlarda “masofaviy bojxona nazorati” joriy etildi – u qanday ishlaydi? 

O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida “masofaviy bojxona nazorati” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishdagi “qizil” va “yashil” yo‘laklar olib tashlandi. Xo‘sh, endilikda fuqarolar yuklarini qanday deklaratsiya rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi? Yangi tizimning tartibi qanday? Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti misolida shu haqda batafsil ma’lumot berildi.

Eski tizim qanday edi? 

Bundan 6 yil avval respublika xalqaro aeroportlarida barcha yo‘lovchilarning yuklari rentgen apparatlari orqali tekshirilib, har biriga bojxona yuk deklaratsiyalarini to‘ldirish talabi mavjud edi. 

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi tegishli qarori bilan ikki yo‘lakli tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab xalqaro aeroportlarda bojxona hududiga kirib kelish va chiqishda “yashil” hamda “qizil” yo‘lak tizimi joriy qilindi. Bunda “yashil” yo‘lak orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi tovar va valuta boyliklarini og‘zaki deklaratsiyalashi, “qizil” yo‘lak orqali o‘tuvchilar esa tovar va valuta boyliklarini yozma deklaratsiyalashi belgilandi.  

Bugunga kelib, xalqaro aeroportlar orqali uchib ketishda ikki yo‘lakli tizim bekor qilindi, “qizil” va “yashil” yo‘laklar olib tashlandi. Uning o‘rniga “masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy qilindi.  

“Masofaviy bojxona nazorati” qanday ishlaydi? 

"Toshkent-Aero" ixtisoslashgan bojxona kompleksi bo‘lim boshlig‘i Akmal Eshonovga ko‘ra, yangi amaliyot maxsus ajratilgan joylar orqali xavfni boshqarish tizimi bilan yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning uchun aeroport zallari moslashtirib bo‘lingan. 

“[Endi xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo‘nalishida] Yo‘lovchilarimizga bojxona xizmati xodimlari “ko‘rinmaydi'. Yo‘lovchida deklaratsiyalash kerak bo‘lgan tovar bo‘ladigan bo‘lsa, ular shundagina maxsus ajratilgan [bojxona deklaratsiyalash] joyiga borib, rasmiylashtirib, yana harakatida davom etaveradi. Agar deklaratsiya qilinadigan tovarlar mavjud bo‘lmasa, yo‘lovchilar bojxona xizmati xodimlariga umuman yuzlanmaydi. Bojxona xizmati xodimlari ham ularni ortiqcha bezovta qilib, vaqtini olmaydi”, – deydi u. 

Jarayonni sodda qilib tushuntirsak, belgilangan me’yordan ko‘p tovar yoki valuta boyliklariga ega yo‘lovchilar reys uchun ro‘yxatdan o‘tishganidan so‘ng maxsus tashkil etilgan bojxona deklaratsiyalash burchagiga borib, yuklarini rasmiylashtirishadi. 

Bu jarayonda bojxonachilarga “xavf guruhi”, ya’ni me’yordan ko‘proq tovar-moddiy boyliklari, valutaga ega fuqarolarni aniqlash imkoni berilgan. Maxsus planshet orqali qaysi reysda nechta odam, qaysi yo‘nalishda, qanday yuk yoki bogajlar bilan uchayotgani haqidagi ma’lumotlar bazasi bo‘ladi. Baza “xavf guruhi”ga mansub fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda chiqarib, qizil rangda bo‘yab beradi. Xodimlar shunga qarab, ixtiyoriy tarzda mana shu fuqarolar bilan suhbatlashadi va yuklarini tegishli tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazishiga yordam beradi. 

“Bu jarayon amalda 5 yoki 10 daqiqani olishi mumkin. Yo‘lovchi bizdan deklaratsiyani olib ketadi, maxsus ma’lumotlar joyiga borib, uni to‘ldirib keladi va bizga taqdim etadi. Biz ma’lumotlarni shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar bilan tekshirib olamiz, valuta mablag‘lari yoki tovar-moddiy boyliklarni tekshirib olamiz. Shundan so‘ng ular yo‘llarida davom etishi mumkin bo‘ladi”, – deydi bojxona inspektori, bojxona xizmati leytenanti Muxlisa Turdiyeva. 

Qayd etilishicha, yangi tizim davlat nazorat organlarining takrorlanuvchi nazorat shakllarini qisqartirish, nazorat zonalaridan ortiqcha vaqt sarflamasdan o‘tish imkonini beradi. 

“Masofaviy bojxona nazorati” hozircha xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ishlamoqda. Qo‘nish zallaridagi ikki yo‘lakli tizimi hali bekor qilingani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida “masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etish 2022 yil 27 aprelda qabul qilingan prezidentning tegishli farmonida qayd etilgan. 2023 yil 11 avgustda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan bu tizimning tartibi belgilab berilgan.

Mavzuga oid