Jahon | 09:41 / 19.08.2023
13398
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden: Ukrainadagi voqealar faqatgina Yevropaga tegishli muammo emas

Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar «faqatgina Yevropaga tegishli muammo emas, Ikkinchi jahon urushidan beri bunday bosqinlar bo‘lmagan», dedi AQSh prezidenti Yaponiya bosh vaziri va Koreya Respublikasi prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng.

Foto: AP

Ukrainadagi urushning oqibatlari «Yevropa chegaralaridan ancha uzoqqa chiqib boradi». Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden ma’lum qildi. Uning izohi 18 avgust, juma kuni AQSh prezidentining Merilend shtatidagi Kemp-Devid qarorgohida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida va Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol bilan uch tomonlama uchrashuvdan so‘ng berildi.

«Rossiya allaqachon mag‘lub bo‘ldi. U o‘zining ta’kidlagan asl maqsadiga erisha olmadi. Bu mumkin emas... Yaponiya rahbariyati urushning oqibatlari Yevropadan ham uzoqqa chiqib borishini birinchi kundanoq aniq ko‘rsatdi», - dedi Bayden Tokioning to‘liq miqyosli bosqinga munosabati haqida gapirib. 

«Ikkinchi jahon urushidan beri bunday bosqin bo‘lmagan» 

Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar «faqatgina Yevropaga tegishli muammo emas, Ikkinchi jahon urushidan beri bunday bosqinlar bo‘lmagan», deb eslatdi Oq uy rahbari. 

Yaponiya, shuningdek, «Katta yettilik» doirasida kuchli yetakchilikni namoyish etdi va Ukrainaga moliyaviy va humanitar yordam, shuningdek, noharbiy texnikalar yetkazib berishga katta hissa qo‘shdi», dedi AQSh rahbari. 

Kemp-Deviddagi muzokaralar 

Shuningdek, Bayden Kisida bilan Kiyevni yanada qo‘llab-quvvatlash, Janubi-Xitoy dengizidagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik, «Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlash» muhimligi hamda mudofaa sohasidagi sezilarli yutuqlarni muhokama qildi, deyiladi Oq uy xabarida. Ular, xususan, yuqori toifadagi gipertovushli tahdidlarga qarshi turish uchun maxsus samolyotni birgalikda ishlab chiqish rejalariga to‘xtaldi, deya qo‘shimcha qildi Oq uy.

Uch davlat rahbarlarining avvalgi yuzma-yuz uchrashuvi 21 may kuni G7 sammiti bo‘lib o‘tgan Xirosima shahrida o‘tkazilgandi. Kemp-Deviddagi muzokaralar AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya rahbarlarining xalqaro tadbirlardan tashqaridagi birinchi uch tomonlama uchrashuvidir, deya ta’kidlaydi ekspertlar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid