Jahon | 10:31 / 25.08.2023
24797
5 daqiqa o‘qiladi

Qodirov Prigojinning o‘limini Rossiya uchun katta yo‘qotish deb atadi

Ramzan Qodirov Prigojinning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. «Vagner» XHK isyoni vaqtida Checheniston rahbari Prigojinning harakatlarini «davlat uchun chaqiriq» deb atagan va vagnerchilar qarshiligini bostirish zarurligini ta’kidlagandi.

Prigojin va Qodirov (Foto: RKadyrov_95 / Telegram)

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin davlat miqyosidagi muhim shaxs bo‘lib, u Ukrainadagi harbiy amaliyot o‘tkazilishiga katta hissa qo‘shganini ta’kidladi.

«Va uning bu xizmatlarini yo‘qqa chiqarib bo‘lmaydi. Uning halokati — butun mamlakat uchun katta yo‘qotish», — deya yozgan Qodirov o‘z telegram-kanalida.

U Prigojin bilan uzoq vaqtdan buyon tanish bo‘lgani va unga «Liviya va Afrika bo‘yicha ba’zi masalalarda yordam bergani», u «o‘z yoshi uchun juda faol bo‘lgani» (Prigojin 62 yoshda edi) haqida aytgan.

«Ammo so‘nggi vaqtlarda u yoki mamlakatda bo‘layotgan kartinani to‘liq ko‘rmadi yoki ko‘rishni istamadi. Men undan muhim davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan ishlar uchun shaxsiy ambitsiyalaridan voz kechishni so‘ragandim. Qolgan barcha masalani keyinroq hal qilsa bo‘lardi. Ammo u shunday odam edi, Prigojin, o‘zining temir xarakteriga ega, maqsadiga shu yerda, hoziroq erishish istagidagi odam», — deya qo‘shimcha qilgan Qodirov.

Prigojin bir necha bor Grozniyga tashrif buyurgan, shunday tashriflaridan biri vaqtida Qodirovni «Vagner» XHKning «Alohida xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlagan. Checheniston rahbari uni «katta og‘am Prigojin» deb atardi.

Ular o‘rtasida mojarolar ham yuzaga kelgan. Xususan, Qodirov Prigojinni 2009 yilda Rossiya Qahramoni Sulim Yamadayevning o‘ldirilishi bo‘yicha ishda unga nisbatan «ochiq ishoralar» qilishda, shuningdek chechen ozchiligi bo‘yicha bayonotlar berishda ayblagan. U «Vagner» rahbarini Baxmut qamali chog‘ida ham muntazam ravishda o‘q-dori va boshqa qurollar talab qilgani yuzasidan qoralagandi. «Bizda ham quroldosh o‘rtoq Prigojinga beradigan savollar bisyor», — degandi Qodirov iyun oyi boshida. Chechen Respublikasi parlamenti rahbari Magomed Daudov Prigojinga «lokatsiya yuborish»ni va «istalgan joyda va istalgan vaqtda ikki erkak kabi munosabatlarga oydinlik kiritib olish»ni taklif qilgandi.

Qodirov Prigojinning ikki oy oldingi isyonga urinishini qo‘llab-quvvatlamagandi. U «isyon bostirilishi kerakligi»ni ta’kidlab, «keskinlik hududi»ga chechen jangchilarini yuborganini e’lon qilgandi. «Bu davlatga chaqiriq va bu chaqiriqqa qarshi barcha - harbiylar, kuchishlatar tuzilmalar, gubernatorlar, oddiy fuqarolar millat yetakchisi atrofida birlashishi zarur», — degandi o‘shanda Qodirov.

Prigojinga tegishli biznes-jyet 23 avgust kuni kechqurun Tver oblastida, Kujyenkino posyolkasi yaqinida qulab tushdi. Rosaviatsiya va Rossiya FVV ma’lumotiga ko‘ra, bortda o‘n kishi bo‘lgan — ularning yetti nafari yo‘lovchilar. Bortda bo‘lganlarning barchasi halok bo‘lgan.

Yo‘lovchilar ro‘yxatida Yevgeniy Prigojin va Dmitriy Utkin (Vagner chaqiruv belgisiga ega) ham qayd etilgandi. Shu bilan birga, Prigojin muqaddam «qiyofadosh»lardan foydalangan — ismi, familiyasi va sharifini to‘liq o‘zgartirib, unga to‘liq adash bo‘lgan odamlar.

Tergov qo‘mitasi harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish (RF JK 263-modda) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergovchilar biznes-jyet halokatga uchrashi bo‘yicha turli versiyalarni, jumladan «uchuvchining xatosi, texnik nosozlik va tashqi ta’sir» omillarini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar bergan RBK manbasi.

«Men Prigojinni anchadan beri, to‘qsoninchi yillar boshidan beri taniyman. U murakkab taqdirli inson edi, hayotda jiddiy xatolari ham bo‘ldi va kerakli natijalarga ham erishdi — o‘zi uchun ham va men bu haqda so‘raganimda, so‘nggi oylardagi kabi umumiy ish uchun ham. U iste’dodli inson, iste’dodli biznesmen edi», — dedi RF prezidenti Vladimir Putin uning o‘limi yuzasidan hamdardlik bildirib.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid