Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Barsa»da yangi yulduz, «Real» jarohatlar girdobida. Hafta o‘yinlari yakunlari
Hafta oxirida Yevropada navbatdagi tur o‘yinlari o‘tkazildi. O‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Ispaniya: olqishlangan vunderkind

«Vilyarreal» — «Barselona» 3:4
Gollar: Foyt (26), Syorlot (40), Baena (50) — Gavi (12), de Yong (15), Torres (68), Levandovski (71).
Vilyarreal – Yorgensen, Foyt, Gabbiya, Kuenka, Terrats (Komesanya, 70), Pedrasa, Aleks Baena (Morales, 77), Kapu (Denis Suares, 70), Parexo (Brereton, 86), Xerar Moreno (Ahomash, 70), Syorlot.
Barselona – ter Stegen, Serji Roberto, Kristensen (Erik Garsiya, 46), Kunde, Alonso, Gundo‘g‘an (Lopes, 86), Romeu (Ferran Torres, 63), de Yong, Gavi, Yamal (Fati, 76), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Yamal (44), Foyt (45), Levandovski (45), Terrats (57), Gabbiya (80), Garsiya (82).
«Barselona» yuzaga kelayotgan muammolarni joyida hal qilmoqda, ammo bu jarayon oson kechayotgani yo‘q. Baldening salomatligida muammo chiqishi Alonsoning shartnomasini ro‘yxatga olishni tezlashtirdi, ammo mashg‘ulotlar chog‘ida Pedri oktyabr oyigacha safdan chiqdi. Bu yo‘qotishning ham o‘rni yopilgandek ko‘ringandi, chunki 15-daqiqaga kelib ko‘k- anorranglilar ikki gol farqi bilan oldinga chiqib olishdi, markaziy yarimhimoyachilar — Frenki de Yong va Gavi bittadan gol urishdi.
Ammo Kike Seten boshqaruvidagi «Vilyarreal» juda yaxshi formada, shuning uchun «sariq submarinalar»ni tablodagi 0:2 ham, urilgan gol ofsayd tufayli bekor qilinishi ham to‘xtata olmadi. Ular yana bir bor burchakdan to‘pni o‘yinga kiritganida Foyt barcha qoidalarga to‘g‘ri keladigan golni urdi. Tanaffus arafasida esa mehmonlar himoyasida parokandalik yuzaga kelib, Jyerar Moreno va Pedrasa Serlotni qulay vaziyatga chiqarishdi. Bu hujumni boshlab bergan norvegiyalik hujumchining o‘zi darvozabonni osonlik bilan dog‘da qoldirdi.
Mezbonlar shundan keyin ham hujum qilishda davom etishdi. Ikkinchi bo‘limda Pedrasa maydon markazida avvaliga Serji Robertoni ortda qoldirdi, keyin Oriol Romeudan qochib ketdi va chap qanotdan yetib kelgan Aleks Baeneni to‘pni tashlab berdi, u esa to‘pni olis burchakka aniq yo‘lladi. Biroq bu o‘yin ikki jamoaning birgalikdagi taqdimoti edi va o‘yinda burilish yasalishi «Barsa» futbolchilarining ruhiyatini cho‘ktira olmadi. Yosh Yamal, 16 yoshu 45 kunligida la liga tarixidagi eng yosh pas muallifiga aylandi (de Yongga hisobni ochuvchi golni urishda assistentlik qilgandi), ikkinchi bo‘limda esa avvaliga uning zarbasi to‘singa tegdi, keyin esa ustunga.
Ikkinchi holatda ustundan qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Levandovski yetib keldi. Bundan oldinroq esa Gavi raqib jarima maydoni ichida to‘p uchun kurashda ustun keldi va Ferran Torresga qatorasiga ikkinchi turda zaxiradan tushib gol urishga yordam berdi, natijada qisqa vaqt ichida 3:2 hisobi 3:4 ko‘rinishiga o‘zgardi. Bunday o‘yinidan keyin Yamalni almashtirish chog‘ida hatto mezbon muxlislar ham olqishlashdi. Bu iste’dodli futbolchining chinakamiga tan olinishidir va endi Dembele Parijga qochib ketgani uchun afsuslanmasa ham bo‘ladi. Lekin hozircha diskvalifikatsiya o‘tayotgan Rafinya o‘zining jamoadagi istiqboli bo‘yicha tashvishga tushsa arziydi.
«Selta» — «Real» 0:1
Gol: Bellinghem (81).
Aniq ijro etilmagan penalti: Rodrigo (69).
Selta – Vilyar, Mingesa, Starfelt, Nunes, Aydu, Servi (Sanches, 45), De La Torre (Rodriges, 81), Beltran, Bamba, Aspas, Larsen (Tapia, 77).
Real – Arrisabalaga, Karvaxal, Alaba, Ryudiger, Garsiya (Nacho, 80), Valverde, Kamavinga (Kroos, 62), Tchuameni (Modrich, 62), Bellinghem, Vinisius (Xoselu, 18), Rodrigo.
Ogohlantirishlar: Aspas (67), Kroos (71), Ryudiger (90+3), Tapia (90+4), Nacho (90+6).
Ispaniyada tur juma oqshomida turnir jadvali peshqadami «Real» navbatdagi uch ochkosini olishi bilan boshlangandi. Ammo bu ochkolar katta mashaqqat bilan qo‘lga kiritildi.
Avvaliga 18-daqiqadayoq madridliklar jamoasi yetakchilaridan biri Vinisius Junior jarohat olib maydonni tark etdi. Keyinroq As nashri braziliyalik vingerning jarohati jiddiyroq ekani, futbolchining mushak paylari uzilib ketgani, u oktyabr oyi o‘rtalariga qadar jamoaga yordam bera olmasligini yozib chiqdi (u YeChL guruh bosqichidagi ikki o‘yin va 24 sentabrga belgilangan «Atletiko»ga qarshi Madrid derbisi qo‘shib hisoblanganda jami sakkiz o‘yinda qatnasha olmasligi aniq).

Endilikda «Real»ning jarohatdagi futbolchilari soni olti nafarga yetdi, ayni vaqtda Karlo Anchelotti Vinisiusdan tashqari Kurtua, Militao, Arda Guler, Mendi va Sebalyos kabi futbolchilarning xizmatlaridan foydalana olmaydi.
Ikkinchi bo‘limda esa jamoaning boshqa bir braziliyalik vingeri Rodrigo penaltidan foydalana olmadi, bu holatning alohidaligi shundaki, bosh murabbiy qanotda turib to‘pni Modrich tepishi kerakligini aytganiga qaramay, zarbani Rodrigo ijro etdi va xato qildi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida madridliklar ustozi bu epizod borasida keskin fikr bildirdi: «Bizda kim istasa o‘sha penalti tepib ketavermaydi. Men Valverdega Luka Modrichning o‘zi tepishi kerakligini aytdim. U yerda nima bo‘lganini bilmayman. Ular Rodrigoni tanlashgan va men Modrich tepishi kerakligini ularga yetkazishga ulgurmadim. Biroz jahlim chiqdi. Balki tushunmovchilik bo‘lgandir. Futbolchigacha ovozim yetib borishi qiyin edi».
Shunday asabiy o‘yinda barchasini yana Jud Bellinghem hal qildi. U o‘yin oxirlariga borib g‘alaba golini urdi va internetda navbatdagi taqqoslarni boshlab berdi. Masalan, u Azarning Madriddagi to‘rt yillik faoliyatida urgan jami gollarini uch o‘yindayoq urib bo‘lgani haqidagi. U yetakchilik qobiliyatini har jabhada ko‘rsatmoqda, goh madridlik muxlislardan «Selta» bilan o‘yinda debyut qilgan Kepani qo‘llab-quvvatlashni so‘rasa, goh o‘zi qahramonlik ko‘rsatgan va g‘alabani ta’minlagan o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida Tchuamenini ko‘rsatdi.
Bu g‘alabadan keyin «Real» ligada yo‘qotishsiz borayotgan yagona jamoa sifatida turnir jadvalida yakkapeshqadamlikni saqlab qoldi.

Italiya: Mourinio jamoasi oqsamoqda
«Milan» — «Torino» 4:1
Gollar: Pulishich (33), Jiru (43 penalti, 65 penalti), Ernandes (45+2) — Sxyurs (36).
Milan – Menyan, Kalabriya, Tomori, Tiav (Kiyer, 79), Ernandes (Florensi, 87), Krunich, Loftus-Chik (Musa, 66), Reynders, Pulishich, Leau (Okafor, 66), Jiru (Chukvueze, 66).
Torino – Milinkovich-Savich, Bellanova (Lazaro, 59), Rodriges, Sxyurs, Buonjorno, Voyvoda, Vlashich, Radonich (Karamo, 59), Ilich (Linetti, 46), Richchi, Sanabriya (Pellegri, 22).
Mavsumlar oralig‘ida tarkibni yangilab olgan «Milan» juda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda. Ha, aytish mumkinki, hisob 1:1 ekanida rossonerilarning omadi kelib, to‘p qo‘lga tegishi oqibatida mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilandi. Ammo «Torino»ning goli ham — birgina alohida epizod bo‘ldi. O‘yin jihatdan Stefano Pioli jamoasi sezilarli darajada kuchli edi.
Birinchi golni «Chelsi»dan kelgan futbolchilar juftligi yuzaga keltirdi — Loftus-Chik to‘pni qulay qilib yetkazib berdi va Pulishich qatorasiga ikkinchi o‘yinda gol muallifi bo‘ldi. O‘yinning haqiqiy bezagi esa — Rafael Leau himoyachilar orasidan o‘tkazib bergan to‘pni Ernandes o‘tkir burchakdan turib darvozaga yo‘llashi bo‘ldi.
Anorranglilar jamoasi esa birinchi bo‘lim o‘rtalarida jarohat olgan Sanabriya safdan chiqishi bilan o‘z hujum salohiyatini ham yo‘qotdi. Leau esa 63-daqiqada yana bir penalti ishladi (birinchi penalti ham uning uzatmasi vaqtida to‘p raqib himoyachisi qo‘liga tekkanida berilgandi) va Jiru zarbani yana aniq ijro etdi. U 36 yoshida «Milan»da A seriyadagi ikki yil oldingi debyutidan buyon eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘lib turibdi (27 gol).
«Verona» — «Roma» 2:1
Gollar: Duda (4), Ngonj (45+3) — Auar (56).
Verona – Montipo, Davidovich, Manyani, Xin, Doyg, Terrachchano (Faraoni, 63), Duda (Bonatssoli, 71), Ongla, Folorunsho (Saponara, 88), Ngonj (Serdar, 63), Jurich (Mboula, 88).
Roma – Patrisiu, Kristensen (Spinatssola, 46), Smolling, Liorente (Al-Sha’roviy, 46), Manchini, Zalevski (Karsdorp, 51), Paredes (Auar, 46), Kristante, Pellegrini, Dibala (Solbakken, 68), Belotti.
Chetlatish: Xin (84).
«Roma» mavsumni muvaffaqiyatsiz boshladi. Birinchi turda Rimda «Salernitana»ga qarshi durangdan keyin (bu ham o‘yin oxiridagi gol evaziga erishilgandi), ikkinchi tur o‘yinida ham ikki gol o‘tkazib yuborildi. Joze Mourinio tanaffusdayoq uch futbolchini almashtirdi. Birinchi bo‘lim qahramoni esa qaytgan to‘pga zarba berib hisobni ochgan Dudu bo‘ldi, u tanaffus arafasida ikkinchi golni urgan Ngongega golli uzatma muallifiga aylandi.
Mehmonlarning qo‘lidan kelgan maksimum ish esa — ikkinchi bo‘limda Auarning javob goli evaziga intrigani qaytarish bo‘ldi. Ammo «Verona» futbolchisi 84-daqiqada maydondan chetlatilishi va o‘yinga qo‘shib berilgan o‘n daqiqa ham Mourinio shogirdlariga yordam bermadi, lekin mezbonlar g‘alabani saqlab qolishida omadning ham hissasi bo‘ldi.
«Yuventus» — «Bolonya» 1:1
Gollar: Vlahovich (80) — Fergyuson (24).
Yuventus – Perin, Aleks Sandro, Danilo, Bremer, Kambiyazo (Ayling, 66), Vea (Makkenni, 82), Rabio, Lokatelli (Yildiz, 82), Fajoli (Pogba, 66), Kiyeza (Milik, 74), Vlahovich.
Bolonya – Skorupski, Posh, Lukumi, Bekema, Likoyannis (Koratssa, 61), Moro (Dominges, 61), Ebisher (Al Azzuzi, 85), Fergyuson, Orsolini (Karlsson, 61), Ndoyye (Fabbian, 90), Zirkzeye.
Ogohlantirishlar: Rabio (12), Posh (17), Motta (72), Yildiz (87).
Birinchi bo‘lim «Yuventus»ga birinchi turdan keyin ortiqcha maqtov yog‘dirib yuborilganini ko‘rsatib berdi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanganida Massimiliano Allegri tanaffusda yaxshi ishlab, jamoani uyg‘ota olgani ko‘rindi. Lekin turinliklarga hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi, Vlahovich Brenner tashlab bergan to‘pni egallab, darvozani ishg‘ol etgan bo‘lsa-da, videotakrordan keyin gol bekor qilindi, bu vaziyatda ofsaydga tushib qolgan Rabio darvozabonga xalaqit bergani ma’lum bo‘ldi.
Keyin esa Skorupski Veaning zarbasini qaytardi, Fajoli xato zarba berdi, Pogbaning uzoq kutilgan qaytishi amalga oshdi, shuningdek mehmonlar mezbonlar darvozasiga penalti belgilashni talab qilishdi. Penaltiga sababchi bo‘lishiga sal qolgan Ayling-Junior o‘yin oxirida Vlahovichga hisobni tenglashtirishda yordam berdi.
«Napoli» — «Sassuolo» 2:0
Gollar: Osimhen (16, penalti), Di Lorenso (64).
Napoli – Meret, Di Lorenso, Jyezus (Estigor, 90), Rrahmani, Olivera, Lobotka (Simeone, 84), Zelinski (Kayuste, 83), Zambo-Angissa, Politano (Kvaratsxeliya, 61), Raspadori (Elmaz, 83), Osimhen.
Sassuolo – Konsili, Tolyan, Erlich, Ruan, Vinya (Pedersen, 61), Lopes, Boloka (Rachich, 61), Mateus Enrike, Bayrami (Torstvedt, 76), Loryante (Seyde, 61), Pinamonti (Mulattiyeri, 69).
Ogohlantirish: Ruan (29).
Chetlatish: Lopes (51).
Salomatligidagi kichik muammo tufayli birinchi turni o‘tkazib yuborgan Kvaratsxeliya «Sassuolo»ga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritildi. U zaxirada o‘tirganida «Napoli» bir gol bilan kifoyalandi, VAR aralashuvidan keyin belgilangan penaltini Osimhen aniq ijro etdi. Ikkinchi bo‘limda boshida ham arbitr diqqat markazida bo‘ldi, u Lopesning tinimsiz luqma tashlashini qizil kartochka bilan jazoladi.
Qatorasiga ikkinchi o‘yinda 11 metrlik jarima zarbasini ijro etgan Raspadori to‘pni osmonga qaratib tepganidan keyin esa murabbiy Xvichani o‘yinga tashlashga qaror qildi. Gurjistonlik legioner o‘ziga xos nafislik bilan Di Lorensoga golli pas berganidan keyin o‘yin masalasi amalda hal bo‘ldi. Luchano Spalletti ketganidan keyin «Napoli» o‘yinida pasayish bo‘lishini taxmin qilganlar adashdi, amaldagi chempionlar Rudi Garsiya boshqaruvida ham yo‘qotishsiz davom etmoqda.

Germaniya: Keynning dubli
«Bohum» – «Borussiya» D 1:1
Gollar: 1:0 – 13 Shteger, 1:1 – 56 Malen.
Bohum – Rimann, Passlak (Gamboa, 81), Ordets, Mashovich, Bernardo, Vittek (Danilo Soares, 48), Losilla, Shteger (Osterhage, 81), Bero, Asano (Antvi-Adjyey, 59), Xofmann (Broshinski, 59).
Borussiya D – Kobel, Hummels (Zyule, 46), Shlotterbek, Bensebayni, Zabitser (Adeyyemi, 62), Jan, Brandt, Nmecha (O‘zjan, 81), Volf, Malen (Bayno-Gittens, 81), Aller (Mukoko, 81).
Birinchi turda nursiz o‘yin ko‘rsatgan «Borussiya» Bohumda yana muammoga duch keldi. Bahorda dortmundliklar bu yerda tezkor gol o‘tkazib yuborib, ikki ochko yo‘qotgandi va yakunda aynan shu ochkolar chempionlik poygasida yetmay qolgandi. Bu safar ham vaziyat takrorlandi, Malen esa yana ikkinchi bo‘limda mag‘lubiyatdan qutqaruvchi rolini bajardi. Niderlandiyalik hujumchi o‘tgan turda ham javob golini urgandi va bunda to‘p gazonga cho‘pchib borgani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgandi. Bu o‘yinda esa u uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan raqib darvozabonini ojiz qoldirdi.
Ammo kerakli natija uchun butun jamoa harakat qilish kerak, hozircha esa «asalarilar»ning o‘yini yaxshi taassurot qoldirmayapti. «Real»da javlon urayotgan Bellinghemning ketishi Edin Terzich jamoasi o‘yiniga jiddiy zarba berdi.
«Bavariya» — «Augsburg» 3:1
Gollar: Uduohay (32, avtogol), Keyn (40 penalti, 69) — Belio (86).
Bavariya – Ulrayx, Mazraui (Laymer, 71), Upamekano, Kim Min Je (de Ligt, 81), Devis, Goretska, Kimmih, Koman (Gravenberh, 81), Sane (Tel, 71), Keyn, Gnabri (Myuller, 71).
Augsburg – Damen, Uduohay, Bauer, Pedersen, Dorsh, Rejbechay (Braythaupt, 66), Vargas (Kardona, 66), Engels (Gumni, 83), Mihel (Belo, 66), Demirovich, Berisha (Tits, 66).
Ogohlantirishlar: Rejbechay (56), Kardona (79), Gravenberh (83).
«Bavariya» esa mavsumni kuchli boshladi. Barchasi yaxshi yo‘lga qo‘yilganida kichik detallar ham jamoa foydasiga xizmat qiladi. Birinchi gol — rikoshetlar seriyasidan keyin himoyachi to‘pni darvoza chizig‘idan tepib yubormoqchi bo‘lganida avtogol sifatida urildi. Keyin esa VAR Kimmihning zarbasidan keyin to‘p raqib jarima maydoni ichida himoyachi qo‘liga tekkanini ko‘rsatdi.
Keyn esa o‘zining namunali mergan ekanini namoyish etmoqda. U endi myunxenliklarning shtatdagi penaltichisi, ikkinchi gol urilgan hujumda esa jamoadoshlari bilan bir-birini tushunishda muammo yo‘qligini ko‘rsatdi. Keynga qadar «Bavariya» safida bundesliga startidagi ikki o‘yinda uch gol urish faqat ikki futbolchiga nasib etgandi — Gustav Yung (1967 yil) va Adolfo Valensiya (1993 yil).

Fransiya: Luis Enrikening ilk g‘alabasi
«PSJ» — «Lans» 3:1
Gollar: Asensio (45), Mbappe (52, 90+1) — Gilavogi (90+5).
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Markinios, Shkrinyar, Ernandes (Danilu, 83), Ugarte, Vitinya, Zair-Emeri (Soler, 86), Dembele (Ruis, 80), Asensio, Mbappe.
Lans – Samba, Gradi, Danzo, Medina, Machado, Frankovski (Le Kardinal, 46), Tomasson (Vai, 58), Fyuljyeni (Gilavogi, 74), Abdul Samad (Spirings, 46), Diuf (Kosta, 83), Sotoka.
Ogohlantirishlar: Medina (19), Sotoka (42), Spirings (79).
Luis Enrike tarkibni mukammallashtirishga urinishda davom etmoqda va bu safar — «Ayntraxt»dan Kolo-Muani transferi amalga oshishi arafasida — yaqqol markaziy hujumchisiz sxema tanlandi. Amalda Asensio «aldamchi to‘qqizlik» vazifasini bajardi va aynan u birinchi bo‘lim oxirida jarima zarbasidan keyin to‘pni darvozaning pastki burchagiga aniq yo‘lladi.
Bungacha ham «PSJ»ga oldingi o‘yinlarda yetishmagan keskinlik Mbappe tomonidan yaratib turildi. Vaziyatlardan birida, Dembele bilan birga uyushtirilgan hujumda forvard darvozabonni alday olmadi. Kilianning havodagi to‘pni to‘xtatmay bergan boshqa bir zarbasini esa «Lans» himoyachisi to‘xtatdi.
Yakunda forvard o‘z maqsadiga faqat tanaffusdan keyin erisha oldi va uning hujumni gol bilan yakunlashi o‘zidan ko‘ra parijliklar bosh murabbiyini ko‘proq quvontirdi. Ammo bu vaqtda Enrike ham, uning asosiy yulduzi ham «Park de Prens»dagi gol tarixiy bo‘lganini hali bilmasdi. O‘yin oxirida yana bir bor darvozani ishg‘ol etgan Mbappening «PSJ» safidagi gol va golli paslari soni 301 taga yetdi (215+86), amaldagi chempion esa — mavsumdagi ilk g‘alabaga erishdi. Bu Enrike uchun o‘tgan yil noyabridan buyon qo‘lga kiritilgan ilk g‘alaba bo‘ldi, u o‘shanda Ispaniya milliy jamoasi boshqaruvida JCh-2022 turniridagi yagona g‘alabasiga erishgandi, Kosta-Rika yirik hisobda taslim etilgan (7:0) va guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqilgan bo‘lsa-da, ispanlar pley-offda Marokashga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgandi.

Hafta statistikasi
- Bu mavsumda «Mallorka» hujumchisi Murichi 2 penaltidan foydalana olmadi, u bunga qadar yetti bor «nuqta»ga yaqinlashib, olti gol urgandi.
- «Arsenal» o‘tgan mavsum boshidan buyon 21 ta uy uchrashuvida faqat 4 tasida darvoza daxlsizligini saqlab qola olgan. Bu davr oralig‘ida bundan yomonroq natija faqat «Fulhem» tomonidan qayd etilgan (3). Bundan tashqari, «kanonirlar» APL tarixida bir kalendar yilida uchta o‘yinda birinchi daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborgan birinchi jamoa bo‘ldi.
- Mavsum startidagi ikki o‘yinda «Volfsburg» to‘rtta gol urdi va bu gollarning barchasi Vind nomiga yozildi.
- Angliya chempionatida uch turda o‘tkazilgan 29 o‘yinda 9 marta qizil kartochka ko‘rsatildi. Ayni vaqtda o‘rtacha har 3,2 o‘yinda bir futbolchi maydondan chetlatilmoqda, bu turnir tarixidagi rekord ko‘rsatkich.
- Yil boshidan buyon «Fiorentina»ning 10 futbolchisi bosh bilan gol urgan. Florensiyaliklar bu borada top-5 ligalarda faqat «Union» vakillaridan (11) ortda.
- Yurgen Klopp Eddi Hau boshqaruvidagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda 11 g‘alabaga erishdi. Bu APL tarixidagi murabbiylar duellaridagi eng uzoq davom etgan seriya.
- Safar o‘yinlarida raqib darvozasi sohasi tomon aniq yo‘llangan 11 zarba — «Barselona»ning Xavi boshqaruvidagi eng yaxshi natijasi.
- «Liverpul» APL tarixida 90-daqiqadan keyin 42 marta g‘alaba golin urgan va bu borada rekordchi hisoblanadi.
- «Manchester Siti» Gvardiola davrida penaltilardan faqat 70 foizini (61 tadan 43 ta) aniq ijro etgan.
- «Sevilya» hujumchisi An-Nosiriy la ligada 200-o‘yinini o‘tkazdi, turning yana bir yubilyari «Jirona» faxriy hujumchisi Stuani bo‘ldi. Urugvaylik — kataloniyaliklarning Ispaniya yuqori divizionida dastlabki 100 o‘yin o‘tkazgan ilk futbolchisiga aylandi.